Turkiy dunyo: mushtarak tarixdan, mushtarak kelajak sari
Xalqlar va davlatlar hayotida shunday muhim pallalar bo‘ladiki, bunday paytlarda mushtarak tarix shunchaki xotiraga aylanib qolmay, balki, kelajakni shakllantiruvchi qudratli kuchga aylanadi. Ishonchim komilki, bugun Turkiy dunyo aynan shunday davrni boshdan kechirmoqda.
Sharq va G‘arbni bog‘lovchi ulkan geografik hududda joylashgan chuqur tarixiy va madaniy rishtalar bilan bog‘langan Turkiy dunyo savdo-sotiq, transport, investitsiya, ta’lim, texnologiya va xalqaro hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotgan qariyb 180 million aholini o‘z atrofida birlashtiradi. Asrlar davomida mushtarak til, madaniyat, an’analar va jamoat xotirasi asosida saqlanib kelgan qadriyatlar bugungi kunda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) oilasi soyaboni ostida institutsional va amaliy shaklga kirmoqda.
Bu boradagi o‘zgarishlar tahsinga sazovor, albatta. Gap shundaki, TDT tashkil etilgan 2009-yildan buyon, asosan, siyosiy muloqot va madaniy yaqinlikka ixtisoslashgan platformadan har tomonlama rivojlangan va amaliy yo‘nalishdagi hamkorlik mexanizmiga aylanib ulgurdi.
Bosh kotib sifatidagi vakolat muddatim yakuniga yetarkan, men buni shunchaki erishilgan yutuqlarni sarhisob qilish pallasi sifatida ko‘rmayman. Eng muhimi, bu bizning hamkorligimizni nima ajratib turishi, xalqlarimizga nima taqdim eta olishi va kelgusi o‘n yilliklarda qanday Turkiy dunyoni birgalikda barpo etishni xohlayotganimiz haqida mulohaza yuritish uchun, qulay imkoniyatdir.
Chuqur ildiz otgan birdamlik
TDT xalqaro tashkilotlar orasida kamdan kam uchraydigan o‘ziga xos xususiyatga ega.
Xalqaro institutlar ko‘pincha muayyan siyosiy chaqiriqlar, iqtisodiy zaruratlar yoki xavfsizlik masalalariga javoban tashkil etiladi. TDTning poydevori esa boshqacha. Bizning hamkorligimiz tashkilotning o‘zi tuzilishidan ancha oldin mavjud bo‘lgan omillarga, asrlar davomida shakllangan mushtarak tarix, til yaqinligi, umumiy madaniy an’analar, qadriyatlar va yagona sivilizatsiya makoniga mansublikning teran tuyg‘usiga tayanadi. Mushtarak tarix, til, o‘ziga xoslik va madaniyat shunchaki o‘tmishdagi xotiralar emas. Ular mustahkam va barqaror hamkorlik poydevori bo‘lib xizmat qiladigan ishonch zaminini yaratadi.
Bunday tabiiy poydevorga ega xalqaro tashkilotlar juda kam yoki mutlaqo yo‘q. Shunga qaramay, merosning o‘zigina mushtarak kelajakni kafolatlay olmaydi. Bizning avlodlarimiz oldidagi mas’uliyat, ushbu tarixiy yaqinlik va mushtaraklikni XXI asr voqeligi, hamda, chaqiriqlariga javob beradigan imkoniyatlar, o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlikka aylantirishdan iborat.
Bu g‘oyani juda yaxshi ifodalovchi sodda bir ibora mavjud: “Biz birgalikda yanada kuchlimiz!”
E’tiborlisi shundaki, bu so‘zlar Turkiy dunyoning barcha hududlarida deyarli tarjimaga muhtoj bo‘lmagan holda tushuniladi, bu esa xalqlarimiz o‘rtasidagi chuqur lingvistik va madaniy rishtalarni aks ettiradi. Bugungi kunda “Biz birgalikda yanada kuchlimiz!” shunchaki birdamlik ifodasi emas, balki amaliy hamkorlikning yo‘naltiruvchi tamoyilidir.
Mushtarak o‘ziga xoslikdan institutsional qudrat sari
So‘ngi yillardagi eng muhim o‘zgarishlardan biri bu tabiiy yaqinlikning bosqichma-bosqich institutsional salohiyatga aylanganidir.
Bugungi kunda TDT o‘ziga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida salmoqli qadamlar tashlashda davom etmoqda. Hozirgi vaqtda TDT soyaboni ostida iqtisodiyot, savdo, transport, bojxona, energetika, raqamlashtirish, sanoat, fan va texnologiya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, yoshlar, qishloq xo‘jaligi, mehnat va ijtimoiy muhofaza, intellektual mulk, kosmonavtika va boshqa ko‘plab sohalarni qamrab olgan 65 ta hamkorlik mexanizmi mavjud. Masalan, 2023-yilning o‘zidayoq 32 ta yangi mexanizm tashkil etilib, bu 2022 yil oxirigacha yaratilgan jami mexanizmlar soniga tengdir. Bu nafaqat kun tartibimiz kengayib borayotganini, balki a’zo va kuzatuvchi davlatlarimizning mushtarak ustuvor yo‘nalishlarni aniq institutsional hamkorlikka aylantirish borasidagi qat’iyati ortib borayotganini ham yaqqol ko‘rsatadi.
Raqamlardan ko‘ra muhimroq bo‘lgan yana bir jihat shuki, bu – birgalikda ishlash uslubimizdagi o‘zgarishdir. Siyosiy maslahatlashuvlar yanada tez-tez va mazmunli tus olmoqda, jumladan, vazirliklar va ixtisoslashgan muassasalar o‘rtasidagi aloqalar yaqinlashdi, birgalikda fikrlash, rejalashtirish va harakat qilish qobiliyatimiz kengaydi. Taraqqiyotimizning ushbu bosqichini uchta so‘z bilan ta’riflaganda: amalga oshirish, transformatsiya va institutsional chuqurlashuvdir.
Turkiy hamkorlik tashkilotlari muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasi raisi sifatida TDT Turkiy davlatlar parlament assambleyasi (TÜRKPA), Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TÜRKSOY), Turkiy akademiya, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi, Turkiy investitsiya fondi (TIF) hamda Turkiy savdo-sanoat palatalari ittifoqi (TSSPI) kabi aloqador va tegishli tashkilotlar bilan yaqin va tizimli hamkorlikni davom ettirmoqda. Ushbu institutlar birgalikda ko‘p o‘lchovli hamkorlik mexanizmiga o‘z hissasini qo‘shib, institutsional rishtalarni mustahkamlaydi va Turkiy dunyodagi mushtarak ustuvor vazifalarni ilgari suradi.
Turkiy investitsiya fondining tashkil etilishi va faoliyat boshlashi ushbu evolyutsiyadagi muhim bosqich bo‘ldi. Turkiy davlatlar ilk bor o‘zlarining iqtisodiy salohiyatini safarbar etish, investitsiya va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, kichik va o‘rta biznesni kuchaytirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan qo‘shma moliyaviy muassasani barpo etdilar. Markaziy banklar kengashi, Turkiy yashil moliya kengashi va Turkiy investitsiyalarni rag‘batlantirish tarmog‘i (TurkIPAnet) mazkur shakllanib borayotgan moliyaviy-investitsiyaviy arxitekturani yanada mustahkamlaydi.
Shu bilan birga, faoliyatim davomida guvohi bo‘lganim eng ruhlantiruvchi o‘zgarishlardan biri bu hukumat va rasmiy muassasalar doirasidan tashqarida, jumladan, xususiy sektor va professional jamoalar o‘rtasida hamkorlik tarmoqlarining paydo bo‘lganidir.
Notariuslar, auditorlar, muhandislar, kasaba uyushmalari va boshqa kasb vakillari keng turkiy muloqot doirasida o‘zaro aloqalar o‘rnatib, tarmoqlar yaratib, hamkorlikning institutsional shakllarini o‘rganmoqdalar. Ushbu kengayib borayotgan hamkorlik transport, turizm va gumanitar hamkorlik yo‘nalishidagi manfaatdor tomonlarni birlashtiruvchi TDT Xalqaro avtomobil transporti assotsiatsiyalari ittifoqi, Turkiy tog‘-chang‘i kurortlari ittifoqi va Turkiy qizil yarimoy tarmog‘i kabi tashabbuslarda ham o‘z aksini topmoqda. Biznes hamjamiyatlari, universitetlar, yoshlar, ekspertlar va kasbiy uyushmalar o‘zaro bog‘lanish uchun o‘z sabablarini va tobora ko‘proq o‘z usullarini topmoqdalar.
Odamlar va kasbiy jamoalar o‘z tashabbuslari bilan aloqalar o‘rnata boshlaganida, hamkorlik institutlar doirasidan tashqariga chiqib, yangi hayotga ega bo‘ladi va bu albatta jamiyatning o‘zida ildiz otadi.
Men uchun bu Turkiy hamkorlikning barkamolligi ortib borayotganining eng yaqqol belgilaridan biridir.
Shakllanib borayotgan iqtisodiy va strategik makon
Turkiy dunyoning ortib borayotgan ahamiyati nafaqat mushtarak merosimiz, balki jamoaviy iqtisodiy va strategik salohiyatimiz ko‘lami bilan ham belgilanadi. 2025-yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan ko‘rsatkichlarga ko‘ra, TDTga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning umumiy YaIMi 2,4 trillion dollardan oshdi, ularning umumiy savdo aylanmasi esa taxminan 1,27 trillion dollarni tashkil etdi.
Turkiy davlatlar birgalikda dunyodagi 11- eng yirik iqtisodiyot va uchinchi yirik energetika ta’minotchisini ifodalaydi. Neft, tabiiy gaz, ko‘mir va noyob muhim minerallarning, jumladan, global uran ishlab chiqarishning 40 foizidan ortig‘ining salmoqli zaxiralariga ega bo‘lgan mamlakatlarimiz muhim energetika salohiyatiga ega bo‘lish bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga ham tobora ko‘proq investitsiya kiritmoqda.
Global energetika tizimlarida talab oshib, tezkor o‘zgarishlar yuz berayotgan bir paytda birgalikda harakat qilish ixtiyoriy tanlov emas, balki zaruratdir. TDTning so‘nggi sammitlari barqaror ta’minotni kafolatlash, savdo hajmini oshirish hamda iqtisodiy va geosiyosiy barqarorlikni mustahkamlash uchun quvurlar, elektr tarmoqlari, saqlash omborlari va transport yo‘laklarini o‘zaro bog‘lashga tayanadigan energetik xavfsizlik muhimligini alohida ta’kidlaydi.
Turkiy davlatlar Janubiy gaz yo‘lagi, Markaziy Osiyo – Ozarbayjon yashil energetika yo‘lagi, Qambarota-1 gidroelektrstansiyasi va Qora dengiz suvosti kabeli kabi yirik infratuzilma loyihalari orqali mintaqaviy va xalqaro energetik o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirmoqda. Ushbu tashabbuslar Turkiy dunyoning energetika xavfsizligini ta’minlash, ta’minot yo‘laklarini diversifikatsiya qilish va qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha hamkorlikni ilgari surishdagi roli ortib borayotganini aks ettiradi.
Ayni paytda “Turkiy dunyo nigohi - 2040” loyihasi ham muhim strategik asosni ta’minlaydi. U bizni iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga, o‘zaro bog‘liqlikni yaxshilashga, institutlarni mustahkamlashga, bilimga asoslangan tarmoqlarga sarmoya kiritishga hamda barqaror va inklyuziv o‘sishni rag‘batlantirishga chaqiradi.
Ehtimol, mantiqan eng yaqqol namoyon bo‘ladigan soha bu – o‘zaro bog‘liqlikdir.
Transkaspiy xalqaro Sharq-G‘arb o‘rta yo‘lagi Osiyo va Yevropa o‘rtasida tobora muhim bog‘lovchi bo‘g‘inga aylanib bormoqda va 2030-yilga kelib yuk tashish hajmi 11 million tonnaga yetishi mumkin. Yillik loyihaviy quvvati 15 million tonnagacha bo‘lgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni yanada mustahkamlaydi va Yevrosiyo bo‘ylab savdo imkoniyatlarini kengaytiradi.
Biroq zamonaviy yo‘lak shunchaki temir yo‘l izlari, avtomobil yo‘llari va portlar emas. Tovarlar chegaralardan samarali o‘tishi, axborot va hujjatlar ular bilan birga harakatlanishi kerak.
TDT chegaralararo savdoni osonlashtirish va ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish uchun jismoniy infratuzilmani soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi, e-ruxsatnoma (e-Permit), e-CMR va raqamli TIR kabi bojxona va raqamli yechimlar bilan boyitib bormoqda. Raqamli iqtisodiyot bo‘yicha sheriklik bitimi hamda xizmatlar va investitsiyalar sohasida erkin savdo bitimini tuzish borasidagi davom etayotgan sa’y-harakatlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiyani yanada kuchaytiradi.
Shuningdek, raqobat idoralari, moliyaviy razvedka bo‘linmalari, investitsiyalarni rag‘batlantirish agentliklari, oliy audit organlari va soliq idoralari o‘rtasida yaqinda yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni ham olqishlaymiz. Ushbu sherikliklar institutsional o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bilan birga, Turkiy dunyoda iqtisodiy boshqaruvni ham yaxshilaydi, albatta.
Raqamli iqtisodiyot esa ushbu kun tartibining markazida qolmoqda. Raqamli savdo platformalari, o‘zaro integratsiyalashgan elektron bojxona tizimlari, fintech sohasidagi hamkorlik, xavfsiz ma’lumotlar almashinuvi va raqamli tartibga solish bo‘yicha umumiy yondashuvlar iqtisodiy munosabatlarni yanada samarali va qulay qilishga qodir. Raqamli transformatsiya shunchaki texnik masala emas. U zamonaviy iqtisodiy integratsiyaning asoslaridan biridir.
Maqsad aniq: o‘zaro bog‘liqlikni undan amalda foydalanadiganlar uchun yanada samarali ishlashini ta’minlash.
Bularning barchasi infratuzilma samarali chegaralar bilan mustahkamlangan, savdo sarmoya bilan qo‘llab-quvvatlangan va ayrim mamlakatlarning ustunliklari tobora mushtarak imkoniyat manbalariga aylanadigan yanada jipslashgan turkiy iqtisodiy makonning bosqichma-bosqich shakllanib borayotganidan dalolat beradi.
Yanada jipslashgan Turkiy dunyo sari
Yosh avlod uchun Turkiy dunyo imkoniyatlarning yashash makoniga aylanishi kerak. Turkiy universitetlar ittifoqi (TURKUNIB) va Orhun almashinuv dasturi talabalar, akademik xodimlar va universitetlarni yanada yaqinlashtirishga yordam bermoqda. Yoshlar ko‘ngillilar ta’lim dasturi, ko‘p tomonlama yoshlar almashinuvi dasturi va xalqaro yoshlar lageri kabi yoshlar tashabbuslari Turkiy dunyo bo‘ylab yoshlar o‘rtasida xalqlar aro aloqalarni, o‘zaro tushunishni va mushtarak o‘ziga xoslik tuyg‘usini yanada rag‘batlantiradi. Shu bilan birga, Turkiy shaxsiy guvohnoma (Turk ID) va umumiy muzey kartasi kabi muhokama qilinayotgan tashabbuslar sayohat qilish hamda mushtarak madaniy merosimizdan foydalanishni osonlashtirishga qaratilgan.
Transport yo‘lagi esa biznes uni ishga solganda yanada qimmatliroq bo‘ladi. Biznes hamkorlik investitsiyalar bilan qo‘llab-quvvatlanganda mustahkamlanadi. Investitsiyalar texnologiya va inson kapitali bilan bog‘langanda yanada samaraliroqdir. Bularning barchasi jamiyatimiz jarayonda ishtirok etganda hamda undan manfaat ko‘rganda yanada barqaror tus oladi.
Shu boisdan TDTning kelajagi shunchaki hamkorlik sohalarini kengaytirishda emas, balki mavjud mexanizmlarni imkoniyatlarning yanada yaxlit makoniga birlashtirishda yotadi.
Bizning kuchimiz aynan global dunyoga ochiq qolgan holda o‘zimizning noyob poydevorimizga tayanishimizdadir.
Uzoq muddatli yo‘nalishimiz “Turkiy dunyo nigohi - 2040”da belgilab qo‘yilgan. Davlatlarimizning suvereniteti va milliy ustuvor vazifalarini to‘liq hurmat qilgan holda amalga oshiriladigan chuqurroq o‘zaro bog‘liqlik va integratsiya iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat va sog‘liqni saqlash xavfsizligi, favqulodda vaziyatlar hamda boshqa chegaralararo muammolarni hal etishdagi umumiy salohiyatimizni kuchaytirishi lozim.
Dunyoga ochiq Turkiy dunyo
Yanada kuchli Turkiy dunyo, shuningdek, dunyoga ko‘proq ochiq bo‘lgan va tashqi olamga intiladigan Turkiy dunyoni anglatishi kerak.
Geografiyamiz esa bu borada bizga tabiiy rol beradi. Asrlar davomida Turkiy dunyo yerlari Yevrosiyo bo‘ylab xalqlar, madaniyatlar, bozorlar va g‘oyalarni bog‘lab kelgan. Bugungi kunda biz ushbu tarixiy rolga zamonaviy ma’no bag‘ishlash imkoniyatiga egamiz.
Transport aloqalarini yaxshilash, savdoni osonlashtirish, energetika tarmoqlarini birlashtirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va jamiyatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash orqali Turkiy davlatlar nafaqat o‘zlarining farovonligiga, balki kengroq Yevrosiyo mintaqasida o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlikni kuchaytirishga ham o‘z hissasini qo‘shishi mumkin.
Bu yondashuv TDTning Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimi va boshqa xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar bilan kengayib borayotgan hamkorligida, shuningdek, tashkilotdan tashqaridagi mamlakatlar va hamkorlar bilan birga harakat qilish uchun moslashuvchan platformani taqdim etuvchi TDT+ formatini rivojlantirishda o‘z aksini topgan. Bizning maqsadimiz – tinchlik, barqarorlik, o‘zaro bog‘liqlik, barqaror taraqqiyot va muloqotga xizmat qiluvchi o‘zaro manfaatli, amaliy sheriklik aloqalarini rivojlantirishdir.
Bizning vazifamiz Turkiy dunyo atrofida devorlar qurish emas, balki uni keng dunyo bilan bog‘laydigan ko‘priklar barpo etishdan iborat.
Ichki jihatdan yanada jipslashgan Turkiy dunyo yanada ochiq, dolzarb hamda o‘z chegaralaridan tashqarida muloqot, taraqqiyot va mushtarak farovonlikka o‘z hissasini qo‘shishga qodir bo‘la oladi.
Oldindagi yo‘l
O‘tgan yillar davomida men Turkiy dunyoning tobora xilma-xil va yaqqol sezilib borayotgan usullar bilan yanada yaqinlashib borayotganining guvohi bo‘lish, hamda unga o‘zining kamtarona hissasini qo‘shish sharafiga muyassar bo‘ldim.
Shunga qaramay, bu yillardan chiqarib olgan eng muhim xulosam shuki, biz hali ham barcha imkoniyatlarning boshlang‘ich bosqichidamiz, xolos.
Poydevor esa qo‘yildi. A’zo davlatlarimizning intilishi qat’iy. Institutsional arxitektura kengaydi. Jamoaviy iqtisodiy va strategik salohiyatimiz e’tirof etilmoqda va jamiyatlarimizning o‘zi ham bir-biri bilan bog‘lanishning yangi yo‘llarini kashf etmoqda.
Turkiyaning raisligi boshlanishini belgilab beruvchi "Turkiy asr: til, fikr va amalda birlik" mavzusida Anqara shahrida bo‘lib o‘tadigan 13-TDT sammiti ushbu sur’atni umumiy ishlarimizning navbatdagi bosqichiga olib chiqish uchun muhim imkoniyat taqdim etadi.
Kelajagimizga nazar tashlar ekanmiz, hamkorligimiz muvaffaqiyati faqatgina biz imzolaydigan bitimlar yoki tuzadigan mexanizmlar bilan emas, balki, xalqlarimizga taqdim etayotgan amaliy manfaatlarimiz bilan o‘lchanishi kerak. Bizning ustuvor vazifamiz jamoaviy intilishlarimizni kelgusi avlodlar uchun mazmunli imkoniyatlar va barqaror taraqqiyotga aylantirish bo‘lib qolishi lozim. A’zo va kuzatuvchi davlatlarimiz rahbarlariga yuksak uzoqni ko‘ra olish qobiliyati va qat’iy qo‘llab-quvvatlaganlari uchun shuningdek, hukumatlarimizga, muassasalarimizga, doimiy vakillarimizga, ekspertlarimizga va TDT Kotibiyatidagi hamkasblarimga o‘zimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Ularning fidoyiligi, professionalligi va mushtarak intilishi jamoaviy taraqqiyotimizning har bir qadami uchun muhim ahamiyat kasb etdi.
Bosh kotib sifatida ushbu yo‘lga o‘z hissamni qo‘shish ulkan sharaf bo‘ldi.
Bosh kotib sifatidagi vakolat muddatim yakuniga yetayotgan bo‘lsa-da, Turkiy dunyoning birdamligi, hamkorligi va farovonligiga bo‘lgan sadoqatimiz o‘zgarmasdan qoladi. Men har doim bu mushtarak ezgu ishga o‘z hissamni qo‘shganimdan faxrlanaman va kelajagimizning favqulodda ulkan salohiyatiga ishonishda davom etaman.
Turkiy dunyo o‘z safarini yaqinlikdan o‘zaro bog‘liqlikka, salohiyatdan imkoniyatga va hamkorlikdan xalqi uchun aniq naf keltirish sari davom ettirishi shart.
Ajdodlarimiz bizga mushtarak meros qoldirdilar. Kelajak avlodlarga qoldiradiganimiz shunchaki o‘sha meros xotirasi bo‘lib qolmasligi kerak.
U uning asosida barpo etilgan mushtarak kelajak bo‘lishi shart.
Tillarimiz va geografiyamiz bo‘ylab quyidagi ezgu g‘oya doimo yangrab turishi lozim: “Biz birgalikda yanada kuchlimiz!”
Kubanichbek OMURALIYEV,
Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi.
Istanbul, 2026 yil oktyabr