Tramp: Rossiya NATOga hujum qilmaydi
Prezident Donald Tramp Vladimir Putin bilan “yaxshi suhbat” o‘tkazganini aytib, Moskva Shimoliy Atlantika alyansi hududiga zarba bermasligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiyaning Yevropa davlatlariga qarshi qadam tashlashi kutilmayapti.
Bu bayonot Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliffning Moskvaga kutilmagan tashrifidan ikki kun o‘tib yangradi. AQSH ommaviy axborot vositalari mazkur muzokarada Kremlni Alyans a’zolariga qarshi harbiy harakatdan qaytarish masalasi ko‘tarilganini yozgan. Tramp esa uchrashuvni asosan Ukrainadagi vaziyat bilan bog‘ladi.
Kreml ham bu boradagi xavotirni rad etdi. Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vashington nashrlaridagi xabarlarni “qo‘rqitishga qaratilgan gap-so‘zlar” deb atadi. Yevropa Ittifoqi yuqori martabali vakili ham hozircha Moskva tomonidan qit’adagi NATO mamlakatlariga qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ma’lumot yo‘qligini bildirdi.
Rossiya – Ukraina urushi esa davom etyapti, AQSH vositachiligidagi tinchlik muzokarasida sezilarli siljish kuzatilmayapti. Moskva mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishni istashini aytsa-da, Kiyevdan Donbassdagi hududlarni tark etishni talab qilmoqda. Tramp Rossiya NATOga qarshi kuch ishlatmasligiga ishonch bildirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA