Tramp: Ispaniya va Italiyadan amerikalik qo‘shinlar olib chiqilishi mumkin
AQSH prezidenti Donald Tramp Ispaniya va Italiyani keskin tanqid qilib, ular mudofaa masalalarida “umuman yordam bermayapti” deb baho berdi va bu davlatlardagi amerikalik harbiylarni chiqarib ketish ehtimolini ko‘tardi, deb xabar berdi Euronews.
Tramp Vashingtonga hech qanday yordam bermaganini aytgan holda, Ispaniyani ayniqsa keskin tanqid qildi.
Bu bayonot Germaniya kansleri Fridrix Mersga nisbatan aytilgan tanqidlar ortidan yangradi. Tramp Mersni Yaqin Sharqdagi mojaro bo‘yicha bildirgan fikrlari uchun tanqid qilgan edi.
Shuningdek, u ijtimoiy tarmoqda AQSH Germaniyadagi harbiylar sonini qisqartirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini va yaqin orada qaror qabul qilinishi mumkinligini yozdi.
“Germaniya kansleri Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatishga ko‘proq e’tibor qaratishi kerak, shuningdek, o‘z mamlakatidagi muammolarni, ayniqsa migratsiya va energetika sohasidagi kamchiliklarni hal qilishga ko‘proq vaqt ajratishi lozim”, — dedi Tramp.
Trampning bu keskin tanqidlari Mersning fikrlariga qarshi javob bo‘ldi, deyish mumkin. Chunki, u AQSHni Eron rahbariyati tomonidan “kamsitildi” deb aytgan edi.
Shuningdek, u Tehron Oq uy muzokarachilarini “o‘z foydasiga aldab ketgani”ni ta’kidlagan edi.
Tramp avval ham Ispaniyani mudofaa xarajatlari va harbiy bazalardan foydalanish bo‘yicha kiritilgan cheklovlar uchun tanqid qilgan. Xususan, Rota va Moron kabi bazalar AQSH uchun O‘rta yer dengizi va Yaqin Sharqdagi operatsiyalarda muhim hisoblanadi.
Aprel oyida u Italiya bosh vaziri Jorja Melonini ham tanqid qilgan edi. Meloni Trampning Rim Papasi va Eron urushi bo‘yicha aytgan fikrlarini “qabul qilib bo‘lmaydi” deb baholagan. Bunga javoban Tramp uning pozitsiyasidan hayratda ekanini aytib va uning jasoratiga shubha bildirgan.
Bu holatlar AQSH va Yevropa ittifoqchilari o‘rtasida harbiy hamkorlik va NATO masalalarida taranglik kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qQXOyWhuT3Y" title="Tramp: Ispaniya va Italiyadan amerikalik qo`shinlar olib chiqilishi mumkin " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA