Hindiston fuqarosi singlisining suyaklarini bankka olib keldi
Hindistonning Odisha shtatida yashovchi Jitu Munda bank bo‘limiga marhum singlisining jasadini olib kelib, jigarining o‘limini isbotlash va uning hisobidagi 20 000 rupiy – taxminan 210 dollarni yechib olishga urinib ko‘rdi, deb yozgan “India Today” gazetasi politsiya mahkamasiga tayanib.
Nashr izoh berishicha, ikki oy oldin kasallik tufayli vafot etgan juvonning qoramol sotishdan topgan puli mahalliy bankdagi hisob raqamida qolgan. Bank xodimlari esa Jitudan savodsizligi sabab taqdim eta olmaydigan hujjatlar talab qilishgan.
– Bir necha marta bankka bordim, ular menga o‘z nomidagi mablag‘ni yechib olish uchun hisob egasi kelishi lozimligini bildirishdi, – deydi 50 yoshli Munda. – Men singlim vafot etganini aytsam, ular ishonishmadi va o‘zi kelishini talab qilishdi. Umidsizlikdan qabrni qazidim va isbot sifatida marhumaning skeletini keltirdim.
Voqea joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari erkakka pulni olishda yordam berishlarini aytishdi. Ma’lum bo‘lishicha, ayolning tanasi keyinchalik huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari ishtirokida qayta ko‘milgan.
Jitu Munda singlisining “boyligi”ga yagona qonuniy da’vogarligi bois, mahalliy hokimiyat bankka mablag‘ni imkon qadar tezroq to‘lashni buyurgan.
S.Rahimov, O‘zA