Tramp Eronga zarba berish rejasini to‘xtatdi, biroq...
Qatar, Saudiya Arabistoni va BAA rahbarlarining murojaatidan so‘ng, AQSH prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi rejalashtirilgan harbiy hujumni to‘xtatdi. Ekspertlar fikricha, bu qaror mintaqadagi keskinlikni batamom yumshatmaydi, muzokaralarning murakkab yo‘li endi boshlanmoqda.
Ta’kidlanishicha, Oq uy rahbari Qo‘shma Shtatlar mudofaa vaziri Pit Xegset hamda Qurolli Kuchlar Birlashgan shtablar qo‘mitasi raisiga hujumni to‘xtatish, ammo jangovar shaylikni yuqori darajada saqlab turish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
“Fars” axborot agentligi yozishicha, Vashington muzokaralar stoliga qaytish uchun Eron oldiga AQSHdan har qanday ko‘rinishdagi moliyaviy kompensatsiya yoki zararni qoplashni talab qilmaslik, Eron ixtiyoridagi 400 kilogramm boyitilgan uranni AQSHga topshirish, Tehron yadroviy infratuzilmasining faqatgina bitta ob’ektini faol holatda qoldirish, muzlatib qo‘yilgan moliyaviy aktivlarning kamida 25 foizi AQSH tomonidan qaytarilmasligiga rozi bo‘lish kabi qat’iy talablarni qo‘ygan.
O‘z navbatida, Eron tomoni ham muzokaralarni boshlash uchun Vashington oldiga barcha frontlarda harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, Eronga qarshi joriy etilgan iqtisodiy sanksiyalarni butunlay bekor qilish, xorijda muzlatilgan barcha moliyaviy aktivlarni egalariga qaytarish, yetkazilgan urush zararlarini AQSH tomonidan to‘liq qoplab berilishi, Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan Eronning suveren huquqlarini rasman tan olish kabi shartlarni ilgari surmoqda.
Siyosiy kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, har ikki tomon taklif qilgan bandlar o‘ta murakkab bo‘lib, ular bajarilgan taqdirda ham mintaqadagi keskinlik to‘liq barham topishi kafolatlanmagan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA