Toshkentdagi xalqaro migratsiya forumi xorijiy OAV nigohida
Joriy yilning 18–19-may kunlari poytaxtimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish” mavzusida Toshkent xalqaro migratsiya forumi (TIMF) o‘tkazildi. Ushbu nufuzli anjuman nafaqat mamlakatimizda, balki global miqyosda ham katta aks-sado berdi.
Xususan, xorijdagi yetakchi ommaviy axborot vositalari ushbu tadbirga alohida e’tibor qaratib, unda ilgari surilgan tashabbuslarni yuqori baholadi. Jumladan, Turkiyaning mashhur “Turkic World” nashrida e’lon qilingan maqolada Toshkent forumining ko‘lami va unda muhokama qilingan masalalar e’tirof etildi.
Nashrning yozishicha, O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM) hamkorligida tashkil etilgan ushbu yig‘inda 300 dan ortiq xalqaro ekspertlar, BMT vakillari hamda yirik ish beruvchilar xavfsiz migratsiya, kasbiy malakalarni tan olish va gender tengligi kabi dolzarb muammolarga aniq yechimlar topish ustida ish olib borishgan. Turk matbuoti O‘zbekistonning bu qadamini mintaqada migratsiya tizimini tartibga solishdagi muhim tarixiy qadam sifatida tilga olgan.

Shuningdek, Kanadaning “Work Global Canada Inc.” tashkiloti ham ushbu forum bo‘yicha maxsus material e’lon qildi. Unda qayd etilishicha, Kanadalik yirik ish beruvchilar va ekspertlar Toshkentdagi uchrashuvlarda faol ishtirok etishgan.
Pol Shelli va Vanda Kaff Yang o‘z maqolalarida O‘zbekistonning yosh va malakali ishchi kuchi salohiyatiga yuqori baho berib, o‘lkamizni Kanada uchun ishonchli va strategik hamkor sifatida bayon etishgan. Qolaversa, Toshkent forumi davlatlararo uzoq muddatli iqtisodiy ko‘priklarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi eng samarali platforma bo‘lganini qayd etishgan.
Umuman olganda, xorijiy nashrlarda chop etilgan maqolalar Toshkent xalqaro migratsiya forumi global migratsiya muammolarini hal etish va mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilishda Yangi O‘zbekiston dunyo hamjamiyati uchun muhim va yetakchi maydon yarata olganini yaqqol isbotladi, deyish mumkin.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA