Toza suv — farovon hayot manbai
Inson hayotini suvsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bir tomchi toza suv zamirida salomatlik, obodlik, xotirjamlik va farovon turmush mujassam. Shu bois bugun yurtimizda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi eng muhim ijtimoiy vazifalardan biri sifatida qaralmoqda.
Ayniqsa, chekka hududlarda zamonaviy va ishonchli ichimlik suvi tizimini yaratish, aholini markazlashgan tarmoqlarga keng jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan inson qadrini ulug‘lash, aholi uchun munosib va qulay turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Jondor tumanida ham ana shu ezgu maqsad yo‘lida salmoqli ishlar boshlab yuborilgan. Tuman aholisini toza va sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida markazlashgan suv ta’minoti tarmoqlari kengaytirilib, mavjud gidroinshootlar modernizatsiya qilinmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi 482-son qaroriga muvofiq, “Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki” ishtirokida “Buxoro viloyatining ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Umumiy qiymati 20,6 milliard so‘m bo‘lgan mazkur loyiha Jondor tumani uchun nafaqat yirik infratuzilma tashabbusi, balki minglab oilalar hayotiga bevosita daxldor muhim ijtimoiy loyihadir.

Loyiha doirasida tumanda jami 856 kilometr ichimlik suvi tarmoqlarini barpo etish, 3 ta yangi suv inshootini qurish va 9 ta mavjud gidroinshootni mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan. Eng muhimi, ushbu ishlar 2027-yil yakuniga qadar aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrovini 85 foizga yetkazish imkonini beradi.
Bu raqamlar ortida esa oddiy statistika emas, balki minglab xonadonlarning kundalik hayoti, onalarning xotirjamligi, bolalarning salomatligi, xonadonlardagi fayzu baraka mujassam. Ayni paytda loyiha doirasida Jondor tumanining Aleli mahallasida vodoprovod tarmoqlarini yotqizish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish qizg‘in davom etmoqda.
Pudratchi tashkilot — “MChN House” MCHJ tomonidan olib borilayotgan ishlar jarayonida yangi suv tarmoqlari bosqichma-bosqich barpo etilmoqda. Bu esa yaqin kelajakda mahalladagi xonadonlarni markazlashgan ichimlik suvi tizimiga ulash imkonini kengaytiradi.
Tasavvur qiling: kecha-kunduz suv izlab, ovora bo‘lgan xonadon o‘rnida endi har bir oila uchun barqaror va ishonchli suv ta’minoti paydo bo‘ladi. Hovlilar, oshxonalar, maktab va boshqa ijtimoiy ob’ektlarga sifatli ichimlik suvi kirib boradi.
Bu — oddiy quvur emas. Bu — inson hayotiga qulaylik olib kiruvchi taraqqiyot yo‘li.

Loyiha doirasida infratuzilmani yangilash bilan bir qatorda suv resurslaridan oqilona foydalanish, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish, noqonuniy ulanishlarning oldini olish va iste’mol madaniyatini yuksaltirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Zero, bugun yangi tarmoq qurish qanchalik muhim bo‘lsa, mavjud suv resurslarini asrab-avaylash ham shunchalik dolzarbdir. Suvning har bir tomchisi — kelajak oldidagi mas’uliyat. Uni tejab ishlatish esa nafaqat iqtisodiy, balki ekologik madaniyat belgisidir.
Davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asl maqsadi ham shunda — insonni rozi qilish, uning hayotini yengillashtirish, har bir oila uchun munosib sharoit yaratish. Jondordagi ichimlik suvi loyihasi ana shu ezgu maqsadlarning hayotiy ifodasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri