Toshkentda yuksak saviyada tashkil etilgan Jahon kubogi muvaffaqiyatli yakunlandi
Toshkent shahridagi «Olimpiya shaharchasi» Suv sporti saroyida suzish bo‘yicha Jahon kubogining ikkinchi bosqichi o‘z yakuniga yetdi.
«Ipak yo‘li» turi doirasida tashkil etilgan musobaqada 40 davlatdan kelgan 228 nafar sportchi ishtirok etdi. Ushbu nufuzli musobaqa O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi. Shuningdek, Jahon kubogi bosqichi sportchilar uchun joriy yil dekabr oyida Pekin shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati oldidan muhim tayyorgarlik musobaqasi vazifasini o‘tadi.
Poytaxtimiz mezbonlik qilgan musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi vakillari bilan bir qatorda Avstraliya, Jazoir, Belarus, Belgiya, Botsvana, Buyuk Britaniya, Vengriya, Gonkong, Isroil, Hindiston, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Qozog‘iston, Kanada, Qirg‘iziston, Xitoy, Latviya, Makao, Namibiya, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, O‘mon, Pokiston, Polsha, Rossiya, Salvador, Singapur, AQSH, Trinidad va Tobago, Uganda, Finlyandiya, Chexiya, Shveysariya, Shvetsiya, Estoniya, Janubiy Afrika Respublikasi va Yaponiyadan kelgan suzuvchilar ishtirok etdi. Shuningdek, bellashuvlarda turli suzish klublari vakillari ham startga chiqdi.
Musobaqalar 25 metrlik qisqa suv havzasida o‘tkazilib, sportchilar erkin usul, brass, batterflyay, chalqancha suzish va kompleks suzish yo‘nalishlarida kuch sinashdi.

Quvonarlisi, Jahon kubogining ikkinchi bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari uchta milliy rekordni yangiladi. Jumladan, Ilya Sibirsev 800 metrga erkin usulda suzish bahslarida 7 daqiqa 40,77 soniya natija ko‘rsatib, O‘zbekiston rekordini yangiladi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Eldor Usmonov 100 metrga batterflyay usulida suzishda masofani 51,04 soniyada bosib o‘tib, milliy rekordni yangiladi. Sitora Odilova esa 100 metrga brass usulida 1 daqiqa 13,97 soniya natija bilan finishga yetib kelib, mamlakat rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Bu natijalar yurtimizda suzish sporti rivojlanayotgani va sportchilarning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Rossiya 5 ta oltin, 8 ta kumush va 7 ta bronza, jami 20 ta medal jamg‘arib birinchi o‘rinni egalladi. Xitoy 5 ta oltin, 2 tadan kumush va bronza medali bilan ikkinchi, Belgiya esa 4 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medalga ega bo‘lib uchinchi bo‘ldi.
Niderlandiya 4 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan to‘rtinchi, Janubiy Afrika Respublikasi 4 ta oltin va 1 ta bronza, Klub jamoasi 3 tadan oltin hamda kumush va 2 ta bronza, AQSH 3 tadan oltin va kumush hamda 1 ta bronza, Avstraliya 2 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza, Kanada 1 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza, Irlandiya esa 1 tadan oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritib, kuchli o‘nlikdan joy oldi.
Ma’lumot uchun, Jahon kubogining uchinchi bosqichi 15–17-oktabr kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA