Avtogol “Söğdiyona”ga ğalaba keltirdi
Qöqondagi yagona gol “Söğdiyona”ga uç oçko taqdim etdi. Biroq avtogol bilan qölga kiritilgan ğalaba jizzaxliklarning jiddiy muammolarini bartaraf etgani yöq.
Joriy yilning 21-noyabr kuni Qöqon markaziy stadionida Superliganing 28-tur uçraşuvida “Qöqon-1912” Jizzaxning “Söğdiyona” klubini qabul qildi. Har ikki jamoa uçun oçkolar muhim ahamiyat kasb etardi. Biroq uçraşuv taqdiri kutilmagan tarzda hal böldi. Qöqonlik Şahzod Akramovning avtogoli mehmonlarga ğalaba keltirdi.
Qiziği, raqiblar örtasidagi özaro uçraşuvlar statistikasi ham jizzaxliklar ustunligini körsatadi. Şu kungaça klublar çempionat doirasida 37 bor kuç sinaşgan. Ularning 11 tasida “Qöqon-1912” ğalaba qozongan. “Söğdiyona” esa 17 uçraşuvda raqibidan ustun kelgan. Qolgan töqqizta bahs durang bilan yakunlangan.
Özaro bellaşuvlardagi töplar nisbati ham jizzaxliklar foydasiga. “Qöqon-1912” raqib darvozasini 45-marta işğol qilgan. “Söğdiyona” hisobida esa 60 ta gol mavjud. Eng yirik ğalabalar ham jamoalar tarixida saqlanib qolgan. Qöqonliklar 4:2 hisobida ustun kelgan. Jizzaxliklarning eng yirik ğalabasi esa 4:0 hisobini qayd etgan.

Biroq tarixiy ustunlik bugungi muammolarni hal qilmaydi. Buni “Söğdiyona”ning joriy çempionatdagi ahvoli ham tasdiqlaydi. Uşbu bahsgaça jizzaxliklar 16 jamoa orasida 12-örinda, “Qöqon – 1912” jamoasi esa 15-örinda borayotgan edi.
Uçraşuvning dastlabki daqiqalarida jamoalar ehtiyotkorlik bilan harakat qildi. Sakkizinçi daqiqada “Söğdiyona” hujumçisi Şohruz Kamolov xavfli zarba yölladi. “Qöqon-1912” darvozaboni Rahimjon Davronov jamoasini goldan saqlab qoldi. 28-daqiqada esa “Qöqon-1912” futbolçisi Elbekjon Yölçiyevning zarbasiga aniqlik yetişmadi.
Öyinning 34-daqiqasida bahsli vaziyat yuzaga keldi. “Söğdiyona” futbolçisi Şohruz Kamolov raqib jarima maydonçasida yiqildi. Hakamlar VAR orqali holatni tekşirdi. Biroq boş hakam Jasur Muxtorov penalti belgilaş uçun asoslar yetarli emas deb topdi.

Birinçi bölim yakuniga yaqin “Söğdiyona” faollikni oşirdi. Jizzaxliklar futbolçisi Lyupço Doriyevning zarbasini yana Rahimjon Davronov qaytardi. “Qöqon-1912” darvozaboni birinçi bölimda işonçli harakat qildi. Uning seyvlari mezbonlarni muqarrar gollardan saqlab qoldi.
Tanaffusdan keyin maydondagi manzara özgara boşladi. “Qöqon-1912” hujumkorlikni kuçaytirib, raqib darvozasiga bosimni oşirdi. Mezbonlar boş murabbiysi Andrey Şipilov tarkibda ikkita özgariş qildi. Şohrux Gadoyev va Toma Tabatadze maydonga tuşirildi.
58-daqiqadan boşlab “Qöqon-1912”ning töp nazoratidagi ustunligi yaqqol sezildi. Ammo, hududiy ustunlikni xavfli vaziyatlarga aylantiriş oson keçmadi. 71-daqiqada “Qöqon-1912” yarim himoyaçisi Javohir Sidiqov hisobni oçiş imkoniyatiga ega böldi. Biroq uning harakati samarasiz yakunlandi. 72-daqiqada “Söğdiyona” futbolçisi Javohir Qahramonovning zarbasini Rahimjon Davronov qaytardi.

74-daqiqada esa uçraşuv taqdiri hal böldi. “Söğdiyona” sardori Lyupço Doriyev burçak zarbasini amalga oşirdi. Jizzaxliklarning tojikistonlik legioneri Zoir Jöraboyev boş bilan zarba yölladi. Töp ustunga tegib qaytdi. Biroq, töp “Qöqon-1912” futbolçisi Şahzod Akramovga tegib, darvoza töriga tuşdi.
Qolgan daqiqalarda “Qöqon-1912” hisobni tenglaştirişga urindi. Lekin mezbonlar raqib himoyasini yorib öta olmadi. “Söğdiyona” esa avtogol tufayli qölga kiritilgan ustunlikni saqlab qoldi. Yakuniy huştak jizzaxliklar ğalabasini tasdiqladi.
Uçraşuvdan keyingi matbuot anjumanida “Söğdiyona” boş murabbiysi Uluğbek Baqoyev ğalabani muhim deb baholadi. U çempionatning qolgan uçta uçraşuvini finalga qiyosladi.

– Birinçi finalni yaxşi ötkazib oldik. Endi öz maydonimizda ötadigan ikkinçi final bahsiga tayyorgarlik köramiz”, – dedi Uluğbek Baqoyev. Uning aytişiça, birinçi bölim jamoa nazorati ostida keçgan. Ikkinçi taymda esa taşabbus raqib tomonga ötgan. “Söğdiyona” qarşi hujumlardan foydalanişni rejalaştirgan. Uning fikriça, uşbu taktika öz samarasini bergan.
Biroq murabbiyning bu bahosi ayrim savollarni ham yuzaga keltiradi. Agar Şahzod Akramovning avtogoli bölmaganida, “Söğdiyona” ğalabaga erişa olarmidi? Jizzaxliklar ikkinçi bölimda taşabbusni raqibga topşirgan holda ustunlikni qanday saqlamoqçi edi? Bunday vaziyatda faqat taktik rejaning bajarilganini taʼkidlaş yetarlimi?
Eʼtiborli jihati, “Söğdiyona” futbolçilarning ikkinçi bölimdagi jismoniy holati yana savol tuğdirdi. Jamoa öyin surʼati va bosimga qarşilik körsatişda qiynaldi. Bu holat avvalgi uçraşuvlarda ham kuzatilgan muammolarni eslatadi. Demak, jizzaxliklar uçun faqat natija emas, jismoniy tayyorgarlik ham jiddiy vazifa bölib qolmoqda.

“Qöqon-1912” boş murabbiyi Andrey Şipilov esa mağlubiyat sabablariga töxtaldi. Uning fikriça, ikkinçi bölimda mezbonlar raqibni çuqur himoyalanişga majbur qilgan. Ammo, yaratilgan imkoniyatlardan foydalanişning iloji bölmagan.
– Birgina xato, qimmatga tuşdi”, – dedi Andrey Şipilov. Murabbiy futbolçilarning harakatlarini butunlay qoniqarsiz, deb baholamadi. Uning taʼkidlaşiça, jamoada gol uriş mexanizmi işlamagan.
Darhaqiqat, Qöqondagi bahs natijasini tahlil qilişda avtogolni alohida körsatiş lozim. “Söğdiyona” ğalabasi jamoaning samarali hujumidan emas, standart vaziyatda raqib xatosidan keyin taʼminlandi. “Qöqon-1912” esa ikkinçi bölimdagi ustunligini golga aylantira olmadi. Şu bois uçraşuvdagi natija maydondagi kuçlar nisbatini töliq ifodalamaydi.

Ğalabadan keyin “Söğdiyona” turnir jadvalida 12-örindan 10-poğonaga kötarildi. Biroq bu kötariliş jamoaning muammolari hal bölganini anglatmaydi. Aksinça, 16 jamoa orasida 15-örinda turgan klub uçun vaziyat hali ham jiddiyligiça qolmoqda.
Jizzaxliklarni çempionatning eng kuçli jamoalaridan ikkitasiga qarşi bahslar kutmoqda. “Söğdiyona” navbatdagi uçraşuvda öz maydonida, medalli örinlar uçun kuraşayotgan “Navbahor”ni qabul qiladi. Sönggi turda esa çempionlikka daʼvogarlardan biri – “Paxtakor” bilan Toşkentda kuç sinaşadi. Uşbu kuçli raqiblarga qarşi jismoniy tayyorgarlik va öyin intizomi hal qiluvçi ahamiyat kasb etadi.

Qöqondagi ğalaba “Söğdiyona”ga zarur oçkoni taqdim etdi. Ammo, natija jamoaning öyin sifatidagi kamçiliklarini berkita olmaydi.
Abdujalol Qayumov, ÖzA