Toshkentda xitoyshunoslik bo‘yicha mintaqaviy muloqot maydoni shakllandi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida "Meros va kelajak chorrahasida Markaziy Osiyo va Xitoy" mavzusida xitoyshunoslik bo‘yicha Ikkinchi Markaziy Osiyo anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda JIDU Xalqaro ilg‘or tadqiqotlar instituti, XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi, Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi, Tojikiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rahbariyati va mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Markaziy Osiyoda xitoyshunoslik maktabi rivojlanishi, qo‘shma ilmiy tadqiqot salohiyatini oshirish, akademik almashinuv ko‘lamini kengaytirish, Xitoyning navbatdagi besh yillik taraqqiyot dasturi istiqboli va xitoy tilini o‘qitish sifatiga oid masalalar muhokama qilindi.
Anjuman yakunida "Jahon xitoyshunosligi bo‘yicha Markaziy Osiyo konsensusi" imzolandi. Hujjat qo‘shma tadqiqotlarni rag‘batlantirish, olim va mutaxassislar o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash hamda mintaqaviy hamkorlikning barqaror mexanizmini shakllantirishga qaratilgan.
Mazkur yig‘ilish Xitoyni o‘rganish sohasi tobora dolarb ahamiyat kasb etayotgani, Markaziy Osiyo, jumladan Toshkent ayni yo‘nalishdagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga intilayotganini namoyon qildi.
Musulmon Ziyo, O‘zA