Ilm va amaliyotni bog‘laydigan yangi qadam
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hamda Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi (AICA) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjatga AICA raisi Vladimir Norov va IXTI direktori Akram Umarov imzo chekdi. Kelishuv sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya va xalqaro munosabatlar sohalaridagi ilmiy-tahliliy sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan.
Tomonlar qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, siyosiy tavsiyalar va ekspertlik materiallari tayyorlash, shuningdek konferensiya, seminar va davra suhbatlari tashkil etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi. Shu bilan birga raqamli iqtisodiyot, SIni tartibga solish va texnologiya o‘zgarishining Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ta’sirini o‘rganish ham ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Mazkur bitim AICA texnologik tajribasi hamda IXTIning xalqaro munosabatlar va geoiqtisodiy tadqiqotlar sohasidagi salohiyatini birlashtirib, mintaqada raqamli taraqqiyotga oid tahliliy yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA