Qayta tiklangan makon: Hatayda “O‘zbekiston” mahallasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarining Turkiya Respublikasi Hatay viloyatiga amaliy tashrifi doirasida Hatayning Arsuz tumanida barpo etilgan “O‘zbekiston” mahallasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari, Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush, Hatay viloyati hokimi Mustafa Masatli, Turkiya parlamenti vakillari, O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchixonasi mutasaddilari hamda mahalliy aholi, OAV vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumki, 2023-yil fevral oyida Turkiyaning bir qator hududlarida vayronkor zilzila sodir bo‘lib, ko‘plab talafotlarni yuzaga keltirgan edi. O‘zbekiston ushbu fojiali davrning dastlabki kunlaridanoq Turkiyaga har tomonlama yordam ko‘rsata boshladi. Qisqa fursatda 100 nafar o‘zbekistonlik qutqaruvchi va 70 nafar tibbiyot xodimi falokat sodir bo‘lgan hududga yetib bordi. Qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 18 kishi qutqarildi, 200 nafarga yaqin jabrlanganlar vayronalar ostidan chiqarildi. Dala shifoxonasi 4 ming nafar bemorga tibbiy yordam ko‘rsatdi.
Bugungi kunda Turkiyada zilzila oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilmoqda. Bu borada O‘zbekiston tomonidan ham qisqa muddatlarda Hatay viloyatining Arsuz tumanida, O‘rta yer dengizi sohilida 300 dan ziyod to‘liq jihozlangan xonadon, jami 24 ta ko‘p qavatli uydan iborat zamonaviy turar joy majmuasi barpo etildi. Barcha zarur infratuzilmaga ega ushbu majmua o‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi abadiy do‘stlik va hamjihatlikning yorqin namunasi bo‘ldi. Do‘stlik va birdamlik, qardoshlik va hamjihatlikning amaldagi ifodasiga aylangan mazkur manzilda Samarqand, Toshkent nomi bilan ataluvchi ko‘chalar, Buxoro jome masjidi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nomi bilan ataluvchi bulvar, O‘zbekiston Respublikasi do‘stlik bog‘i, o‘zbekona tandiru o‘choqlar bilan jihozlangan mahalla oshxonasi, bolalar uchun o‘yingoh va maydonchalar ikki xalqning mushtarak bo‘lgan qadriyatlarini, tarixini, betakror madaniyatini, ijtimoiy muhitini o‘zida jam qilgan.
Tantanali marosimda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov hamda Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush va boshqalar so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlarining siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlagan oqilona siyosati natijasida munosabatlarimiz yangi bosqichga chiqqani va tobora kengayib borayotganini alohida qayd etdi.
Xususan, siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, parlament diplomatiyasi, transport, energetika, madaniyat, gumanitar soha va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorliklar yuqori pog‘onaga ko‘tarilmoqda. Davlatimiz rahbarining shu yil yanvar oyida Anqara shahriga rasmiy tashrifi o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamladi. Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush o‘z so‘zida O‘zbekistondagi islohotlarni yuqori baholab, yurtimizning islom dunyosidagi o‘rnini alohida e’tirof etdi:
– O‘zbekiston islomning uchinchi eng katta madaniyatini dunyoga ko‘rsatmoqda. Shuning uchun Imom Buxoriy ziyoratgohining yangidan barpo etilishi, Toshkentda katta bir madaniy manzil —Islom sivilizatsiya markazi tashkil etilishi ilgariga ketayotgan qadamlarning jarangdor ovozini bildiradi. Turkiya «Yangi O‘zbekiston» tarixi bilan bog‘liq ulkan merosni alohida e’tirof etib, O‘zbekiston yangi Renessansga chiqqanligi bilan chin qalbimdan tabriklayman va ushbu qardosh davlatga faqat omadlar tilayman, — dedi Numan Kurtulmush.
Tadbirda vayronkor zilzila qardosh turk xalqi uchun og‘ir sinov bo‘lgani, ana shunday og‘ir kunlarda O‘zbekiston eng birinchilardan bo‘lib yordamga kelgani, qo‘llab-quvvatlagani alohida ta’kidlandi. Ikki qardosh xalq o‘rtasidagi hamjihatlik, hamkorlik bardavom bo‘lishi, kelajak avlodlarimiz misolida davom etishi qayd etildi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston san’at ustalari tomonidan bayramona konsert dasturi taqdim etilgani mahalliy aholiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
[gallery-29945]
Shuningdek, delegatsiya vakillari mahalla hududidagi bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Aholi xonadonlarida bo‘lib, ularga yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi, suhbatlashildi. Muloqotlar davomida hatayliklar O‘zbekiston Prezidenti va hukumatiga minnatdorlik bildirib, qardosh o‘zbek xalqidan mamnunligini e’tirof etdi.
Muhtarama Komilova, Shavkat Tohirov (surat), O‘zA