Toshkentda Turkiya bilan hamkorlikda yangi markaz faoliyat boshladi
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik nafaqat siyosiy va iqtisodiy sohalarda, balki ilm-fan hamda yuqori texnologiyalar yo‘nalishida ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Xususan, Toshkent shahridagi Yoshlar markazida ikki davlat hamkorligining navbatdagi amaliy namunasi bo‘lgan “Bilim Toshkent” ilm-fan va texnologiyalar markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova, Turkiya texnologiya jamoasi jamg‘armasi Boshqaruv kengashi raisi Elvan Kuzuju, Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Ufuk Ulutash, talaba-yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilganidek, Yoshlar ishlari agentligi, Toshkent shahar hokimligi, “Besh tashabbus loyiha ofisi” hamda Turkiya texnologiya jamoasi jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur yangi markaz yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bu yerda yoshlar robototexnika, sun’iy intellekt, aviatsiya, kosmik texnologiyalar va aniq fanlar bo‘yicha amaliy bilim olish, shuningdek, xorijiy tillarni interaktiv usullarda o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Markaz yoshlarning ilm-fan va innovatsiyalarga qiziqishini oshirish, ularni xalqaro ta’lim va mehnat bozoriga tayyorlashga qaratilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, “Bilim Toshkent” markazining faoliyat boshlashi poytaxt yoshlarining ilmiy va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, kelajak ixtirochilari va yetuk mutaxassislarni tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
G.Boboyeva,
O‘zA