Farg‘ona va Toshkentda giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
Giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasi jamiyat xavfsizligi va yoshlar kelajagiga jiddiy tahdid soluvchi jinoyatlardan biri hisoblanadi.
Bunday moddalarning mamlakat hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilishi va yashirin tarzda tarqatilishiga qarshi kurashish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlar davomida Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida katta miqdordagi giyohvandlik moddalari aniqlanib, uch nafar shaxs qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda Yunusobod tumanida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan shaxs to‘xtatilib, tekshirildi.
Tekshiruv davomida uning yonidan uchta kichik idishda jami 257 gramm gashish moyi topildi. Keyinchalik uning yashash manzilida o‘tkazilgan tadbir natijasida yana 2 kilogramm 831 gramm gashish moyi hamda elektron tarozi ashyoviy dalil sifatida olindi. Shuningdek, mazkur shaxsning internet orqali faoliyat yurituvchi narkodo‘konda ishlagani aniqlandi.
Giyohvandlik moddalari bilan bog‘liq holatlar Farg‘ona viloyatida ham qayd etildi. Davlat xavfsizlik xizmatining viloyat boshqarmasi xodimlari Bojxona va Ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.
Jumladan, Farg‘ona tumanida yashovchi, 1988-yilda tug‘ilgan shaxs qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 982 gramm gashish moddasini shartli xaridorga 10 ming 700 AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Yana bir holatda Farg‘ona shahrida yashovchi, 1997-yilda tug‘ilgan fuqaro qo‘shni davlatdan noqonuniy olib kirilib, Farg‘ona tumanidagi yashirin joyga qoldirilgan 956 gramm gashish moddasini olib, uyiga qaytayotganida qo‘lga olindi.
Hozirda ushbu uchta holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA