Toshkentda samarqandlik rassomning shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi
Toshkent Fotosuratlar uyida samarqandlik rassom Ramiz Xo‘jayevning “Yovvoyi raqslar” nomli ilk shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazmada rassomning 2023–2026-yillarda yaratgan asarlari jamlangan bo‘lib, ularda bolalik xotiralari, kundalik hayot taassurotlari, insonlar bilan munosabatlar va shaxsiy kechinmalar ranglar orqali ifodalangan.
Ekspozitsiyadan eski hovlilar va shahar manzaralari, ayollar obrazlari, musiqachilar, hayvonlar, o‘simliklar, tushlar va fantastik mavjudotlar aks etgan asarlar o‘rin olgan. Rassom uchun bu obrazlar shaxsiy tajriba va xotiralar bilan uzviy bog‘liq.
Ramiz Xo‘jayevning aytishicha, rasm chizishga qiziqishi bolalik yillarida shakllangan. Onasi uni badiiy to‘garakka olib borgan, yaqinlari esa bu qiziqishini qo‘llab-quvvatlagan. Bugun rangtasvir rassom uchun hayotdagi voqealar va kechinmalarni ifodalash vositasiga aylangan.
[gallery-31389]
— Meni hayotning o‘zi ilhomlantiradi: odamlar, voqealar, turmush tarzimiz. Men musiqa tinglayman, she’riyatga qiziqaman, kitob o‘qiyman. Kartinalarimdagi obrazlar, asosan, shaxsiy tajribam — bolaligim, hayotimdagi voqealar va ayni paytda his qilayotgan tuyg‘ularimdan kelib chiqadi, - deydi rassom.
R. Xo‘jayev ijodiga Pablo Pikasso, Amedeo Modilyani, Edvard Munk va Jan-Fransua Mille kabi rassomlar ta’sir ko‘rsatgan. Zamonaviy rassomlardan Andrey Novik va Asliddin Isayev ijodini ham alohida e’tirof etadi. Rassom Mirsaid Samatovni esa san’atdagi ustozlaridan biri sifatida tilga oladi.
Rassom ijodida Samarqand muhiti ham muhim o‘rin tutadi. Shaharning me’moriy obidalari, eski hovlilari, quyoshda tovlanuvchi devorlari va kundalik hayoti uning asarlarida o‘ziga xos rang va obrazlarda namoyon bo‘ladi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida san’atshunoslar, rassomlar, madaniyat va san’at sohasi vakillari, ijodkorlar hamda san’at ixlosmandlari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Ramiz Xo‘jayev asarlarida Samarqand muhiti quyuq ko‘k va yashil ranglar, zarg‘aldoq ohanglar, dekorativ shakllar hamda kundalik hayot manzaralarining o‘ziga xos uyg‘unligida aks etadi. Rassom an’anaviy uslublarni takrorlashdan ko‘ra, shaxsiy tajriba va hissiy holatlariga tayanib ijod qiladi.
“Yovvoyi raqslar” nomi rassomning shu nomdagi asaridan olingan. Unda rang va shakl orqali erkinlik, harakat va ichki kechinmalar ifodalangan. Kompozitsiyadagi ranglar obrazlar va makon harakatini belgilab, voqelikni xotira va tasavvur bilan uyg‘unlashtiradi.
Ko‘rgazma rassomning so‘nggi yillardagi ijodiy izlanishlarini keng jamoatchilikka taqdim etish bilan birga, zamonaviy Samarqand rangtasviridagi yangi qarashlar va individual uslublar bilan tanishish imkonini beradi.
Kamola Yusupova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA