Toshkentda MMA bo‘yicha Osiyo chempionati yuqori saviyada o‘tmoqda
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida aralash jang san’ati (MMA) bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionati hamda “Aichi–Nagoya–2026” yozgi Osiyo o‘yinlariga saralash bahslari yuqori saviyada bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur nufuzli musobaqa mintaqada MMA sport turining ommalashuvi va yosh sportchilar mahoratini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayapti. Turnir doirasida jamoalar o‘zaro kuch sinashib, yuqori sport ruhi va keskin raqobat muhitida bahs olib bormoqda.
[gallery-29575]
Bugun musobaqa doirasida Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, Osiyo aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi Prezidenti Gordon Tang boshchiligidagi delegatsiya va O‘zbekiston tomoni o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida MMA sport turini mintaqada yanada rivojlantirish, xalqaro musobaqalarni tashkil etish sifatini oshirish hamda o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Tomonlar kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tajriba almashinuvini kengaytirish va yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvlarga e’tibor qaratdilar.
Gordon Tang musobaqa yuqori darajada tashkil etilganini alohida ta’kidlab, Osiyo chempionatida yoshlar o‘rtasida 6 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston jamoasini umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagani bilan samimiy tabrikladi.
Osiyo chempionati bahslari 25-mayga qadar davom etadi. Unda qit’aning eng kuchli sportchilari ishtirok etib, Osiyo o‘yinlariga yo‘llanmalar uchun kurash olib bormoqda.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA