Toshkentda 2,4 milliard so‘mlik noqonuniy gaz iste’moli aniqlandi
Mamlakatimizda energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, tabiiy gazni talon-toroj qilish holatlarining oldini olish hamda qonunbuzilishlarga qarshi kurashishga qaratilgan nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
“Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatining ma’lum qilishicha, navbatdagi shu kabi nazorat tadbiri Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida tashkil etildi.
Reyd davomida fuqaro G.Sh.ga tegishli umumiy ovqatlanish shoxobchasi va novvoyxona faoliyati o‘rganildi. Tekshiruv jarayonida mazkur ob’ekt avval tabiiy gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilgan bo‘lishiga qaramasdan, iste’molchi tomonidan o‘zboshimchalik bilan qayta ulanib olingani aniqlandi.
Shuningdek, ob’ektga o‘rnatilgan gaz hisoblash uskunasi sun’iy ravishda nosoz holatga keltirilgani hamda undagi bir martalik tamg‘aga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan mutaxassislar tomonidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, 2 milliard 463 million so‘mlik yetkazilgan zarar miqdori hisoblandi. To‘plangan hujjatlar esa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA