Sayyor qabul: murojaatlar joyida hal etilmoqda
Bugungi kunda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Ayniqsa, hududlarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar asnosida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularni qiynayotgan masalalar joyida o‘rganilmoqda.
“O‘zenergoinspeksiya” ishchi guruhi tomonidan galdagi sayyor qabul Farg‘ona viloyatida tashkil etildi. Unda tadbirkorlik sub’ektlarining energiya resurslari ta’minoti, texnik ulanish va amaldagi qoidalar ijrosiga oid murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Toshloq tumanida faoliyat yuritayotgan “Ergashobod” fermer xo‘jaligi, “Al Baraka Farg‘ona” MCHJ hamda yakka tartibdagi tadbirkor A.Azizov tomonidan tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha bildirilgan murojaatlar joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Mutaxassislar tomonidan zarur texnik choralar ko‘rilib, gaz qurilmalarining tarmoqqa ulanishi ta’minlandi.
Shuningdek, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari vakillari bilan muloqot o‘tkazilib, neft mahsulotlaridan namuna olish tartibi, xavfsizlik talablari hamda amaldagi me’yoriy hujjatlar bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Inspeksiya axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur sayyor qabul davomida jami 24 ta murojaat ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqilib, ularning aksariyati joyida hal etildi. Qolgan masalalar bo‘yicha esa mas’ul tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi va ijrosi nazoratga olindi.
Tadbir yakunida tadbirkorlar va murojaatchilarga huquqiy tushuntirishlar berilib, ularni qiynayotgan masalalarni qonuniy asosda hal etish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA