Kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun jinoiy javobgarlik kuchaytiriladi
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur qonun bo‘yicha ma’ruza qilgan Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zosi Zumrad Bekatova mamlakatimizda jamoat xavfsizligi va tartibini ta’minlash, aholi salomatligi va genofondini himoya qilishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Ayniqsa, yosh avlodni giyohvandlik balosidan himoya qilish hamda jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashga e’tibor kuchaytirildi.

Keyingi yillarda dunyo miqyosida sintetik narkotiklarning yangi turlari va “narkomaniya” xavfi ortib borayotgani mazkur sohadagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqishni taqozo etdi.
Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga va boshqa qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, nafaqat giyohvandlik vositalari, balki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun ham jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Senatorlar tomonidan qayd etilganidek, qonunda ilk bor “g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya” tashkil etganlik va uning faoliyatini ta’minlaganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda. Giyohvandlik vositalarini Internet tarmog‘i orqali tarqatish va targ‘ib qilish og‘irlashtiruvchi holat sifatida qonunga kiritilmoqda.

Yoshlarni ushbu illatdan himoya qilish maqsadida ta’lim muassasalari, oromgohlar va yotoqxonalarga tutash hududlarda sodir etilgan narkojinoyatlar uchun jazo choralari yanada kuchaytirilmoqda.
O‘ta og‘ir turdagi narkojinoyatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish tartibi qo‘llanilmasligi belgilanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatchilikka qarshi kurashishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratishga hamda sohaga oid faoliyat samaradorligini oshirishga, “narkotiklardan holi muhit” yaratishga, ayniqsa, yosh avlodni giyohvandlik balosidan asrashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA