Toshkentda 2 tonna 963 kilogramm giyohvandlik vositalari yo‘q qilindi (+video)
Giyohvandlik inson salomatligi, ongi va kelajagini yemiruvchi eng xavfli illatlardan biridir. U nafaqat bir insonning taqdiriga, balki oila va jamiyat barqarorligiga ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, yoshlar orasida narkotik moddalarning tarqalishi millat kelajagiga tahdid soluvchi xavfli omil hisoblanadi.
Shu bois har yili 26-iyun – Xalqaro giyohvandlik va narkotik moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana 1987-yilda BMT Bosh Assambleyasi tashabbusi bilan jahon hamjamiyati e’tiborini mazkur global muammoga qaratish va unga qarshi kurashish maqsadida ta’sis etilgan.
Mazkur sana munosabati bilan Toshkent shahrida «Jahondagi narkotahdidlar: dolzarb muammolar, yangi chaqiriqlar va ularni bartaraf etishning innovatsion yondashuvlari» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha davlat va hududiy komissiyalar a’zolari, 200 ga yaqin davlat organlari va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mahalliy hokimiyat vakillari, mutaxassislar va ekspertlar, 100 ga yaqin xalqaro tashkilotlar va hamkor tuzilmalar vakillari, diplomatik korpus hamda konsullik muassasalari xodimlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi direktori v.b. Farhod Hasanov mazkur xalqaro sana barcha davlatlarni narkotahdidlarga qarshi hamjihatlikda kurashishga chorlashini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, O‘zbekistonda giyohvandlikka qarshi kurash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, Prezident farmoni bilan bu sohada Milliy strategiya qabul qilingan.
BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda giyohvand vositalari tarqalishining oldini olish dasturi (CADAP-8) rahbarlari ushbu konferensiya xalqaro va mahalliy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik, o‘zaro ishonch va birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan muhim tashabbus ekanini alohida ta’kidladi.
BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahlning ma’lum qilishicha, bugungi kunda dunyo bo‘ylab 300 milliondan ortiq inson narkotik moddalar iste’mol qiladi. Bu esa millionlab oilalar ushbu muammodan jabr ko‘rayotganini anglatadi. Shuning uchun narkotrafikka qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning, balki butun jamiyatning vazifasidir. Ayniqsa, yoshlar bilan ishlovchi tashkilotlar profilaktika ishlarini yanada kuchaytirishi zarur.
Konferensiyada BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi xodimi Salome Flores 2025-yildagi jahon narkovaziyatiga bag‘ishlangan BMT hisobotini taqdim etdi. Unda giyohvandlik muammosining kengayib borayotgani, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar orasida ham tarqalayotgani qayd etildi.
Mutaxassislar fikricha, bu xavfli tendensiyaga qarshi samarali kurashish uchun davlat idoralari, oila, ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘zaro hamjihatlikda faoliyat yuritishi lozim.
Tadbir doirasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashga munosib hissa qo‘shgan bir guruh davlat idoralari xodimlari va jamoatchilik vakillari «Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, targ‘ibot ishlarida faol ishtirok etganlarga «Targ‘ibot a’lochisi» mukofoti va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir yakunida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan noqonuniy muomaladan olingan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda prekursorlarni yo‘q qilish jarayoni onlayn tarzda namoyish etildi.
– Bugungi tadbirda noqonuniy muomaladan olingan 2 tonna 963 kilogramm giyohvandlik vositalari yo‘q qilindi, – dedi DXX mas’ul xodimi Mahliyo Valikulova. – Keyingi paytda qo‘shni Afg‘onistondan giyohvandlik vositalarini kontrabanda yo‘li bilan olib kirish holatlari ko‘paymoqda. Narkokurerlar narkotik moddalarni turli mahsulotlar, texnik buyumlar va avtotransport vositalariga yashirgan holda mamlakat hududiga olib kirishga urinmoqda. Bu kabi jinoyatlarning oldini olish maqsadida qator samarali tezkor tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi «Termiz» xalqaro avtomobil o‘tkazish punktida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Afg‘onistondan olib kelingan ekskavatorning yuk ko‘taruvchi qismiga yashirilgan 596 kilogramm gashish giyohvandlik vositasi aniqlandi. Toshkent shahrida joylashgan 6 ta narkolaboratoriya fosh etildi. DXX xodimlari xalqaro hamkorlar bilan birgalikda bu turdagi jinoyatlarning oldini olish, ushbu noqonuniy faoliyatni mamlakatimiz hududida yoki xorijdan turib boshqarayotgan shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xalqaro hamkorlik doirasida 2024 - 2026-yillarda 19 maxsus tezkor tadbir o‘tkazildi. Natijada 33 nafar shaxs qo‘lga olinib, ulardan 506 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari musodara qilindi.
Mazkur tadbir O‘zbekistonning giyohvandlikka qarshi murosasiz kurash olib borayotgani va aholi salomatligi hamda mamlakat kelajagini muhofaza qilish borasidagi qat’iy pozitsiyasini yana bir bor namoyon etdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IkNk7c4jvOs" title="Toshkentda 2 tonna 963 kilogramm giyohvandlik vositalari yo‘q qilindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova,
Doniyor Yoqubov (video),
Otabek Mirsoatov (surat),
O‘zA