Yangi O‘zbekistonning vatanparvar, jonkuyar, yuksak salohiyatli jurnalistlari
Poytaxtimizdagi "O‘zbekiston" Xalqaro anjumanlar saroyida 27-iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir hamda "Oltin qalam" XX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan mazkur muhtasham saroyga milliy media sohasi ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan ustoz jurnalistlar, faxriy ijodkorlar, barcha turdagi ommaviy axborot vositalarida mehnat qilayotgan soha xodimlari taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining kommunikatsiyalar departamenti rahbari - Prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.
Tabrikda ta’kidlanganidek, fidoyi, vatanparvar, yuksak salohiyatli jurnalistlarni davlatimiz rahbari hamisha o‘ziga eng yaqin maslakdosh, jonkuyar do‘st, deb biladi. Bugungi shiddat bilan kechayotgan jarayonlarni, yangilanishlarni xalqimizga yetkazishda, jamiyatdagi mavjud kamchiliklarni baralla aytishda, ularga yechim topishda ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlarning mehnati beqiyos bo‘lmoqda. Ayni paytda bugungi tezkor davr milliy media soha vakillaridan zamon ruhiga hamnafas tarzda faoliyat yuritishni talab etmoqda.
[gallery-30116]
Mana o‘n yildirki, mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalari mutlaqo yangi, mazmun va shakl jihatdan o‘zgacha, ilg‘or, zamonaviy format asosida faoliyat olib bormoqda. Mamlakatimizda, jamiyatda kechayotgan barcha jarayonlar matbuot sahifalari, televideniye va radio efirlarida tezkorlik bilan, xolis va haqqoniy yoritilmoqda. Internet jurnalistikasi media sohada eng peshqadam ommaviy axborot vositasiga aylandi. Ayni paytda jurnalistlar, keng jamoatchilik tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb masalalarga tezkorlik bilan, o‘z vaqtida, aniq va haqqoniy yechim topilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan ijod ahli, shu jumladan, jurnalistlarni faol qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining kuni kecha qabul qilgan "Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoni matbuot va ommaviy axborot vositalari, noshirlik sohasi xodimlarining mashaqqatli mehnatini qo‘llab-quvvatlash va e’zozlashning amaldagi yana bir yorqin namunasidir.
Ushbu farmonga ko‘ra, Vatanimizning orden va medallariga munosib topilgan jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari vakillarining katta guruhiga mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva topshirdi.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqan «TASS» axborot agentligining O‘zbekistondagi muxbiri Valeriy Biryukov, «Yangi O‘zbekiston» gazetasi tahririyatining ijtimoiy-siyosiy hayot va huquq bo‘limi katta muxbiri Lutfulla Suvonov, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston 24» ijodiy birlashmasi muharrirlar guruhi bosh muharriri Akbarali Allayev milliy jurnalistikani muttasil ravnaq toptirish yo‘lidagi e’tibori va amaliy g‘amxo‘rligi uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Tantanali tadbirda "Oltin qalam" XX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovi tashkiliy vositasi raisi, O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi raisi Shuhrat Oripov ijodiy tanlov uchun kelib tushgan ijodiy ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
[gallery-30117]
Tadbirda xalqaro tanlovning g‘olib va sovrindorlariga mukofotlar topshirildi.
"Oltin qalam" XX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda Bosh milliy mukofotga “O‘zbekiston 24” telekanali "Tahlilnoma" axborot-tahliliy jamoasi sazovor bo‘ldi. Jamoa Prezident sovg‘asi “BYD Chazor” avtomobili, maxsus statuetka va diplomi bilan taqdirlandi.
- Bu mukofot jamoamiz zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi, - dedi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston 24» ijodiy birlashmasi muharrirlar guruhi bosh muharriri va boshlovchisi Ulug‘bek Rahmonqulov. – Yurtimizda kechayotgan o‘zgarishlarni qiyosiy-tahliliy asosda yetkazib berish borasida astoydil faoliyat ko‘rsatamiz. Kechagi jurnalistika va bugungi media o‘rtasida juda katta tafovut bor. Bularning barchasi davlatimiz rahbarining milliy matbuot rivojiga ko‘rsatayotgan e’tibori natijasi, deb bilaman.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari