YeXHTning maxsus vakili O‘zbekistonga tashrifini yakunladi
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti amaldagi raisining muloqot va ishonchni mustahkamlash masalalari bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serj Rumin O‘zbekistonga tashrifini yakunladi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyodagi so‘nggi o‘zgarishlar, shu jumladan, Xo‘jand deklaratsiyasi hamda Farg‘ona tinchlik forumi natijalarini atroflicha o‘rganishdan iborat edi.
Muloqotlar davomida YeXHTda Shveysariya raisligining ustuvor yo‘nalishlari hamda butun mintaqada muloqot, o‘zaro ishonch va mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrif doirasida Serj Rumin tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hamda Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Shuningdek, elchi Markaziy Osiyo xalqaro institutida ham muzokaralar olib bordi.
– Mintaqaviy hamkorlikda erishilgan ijobiy o‘zgarishlar muloqot, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini rivojlantirish hamda Markaziy Osiyo xalqlari uchun keng imkoniyatlar yaratishda naqadar muhim ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Ushbu tajriba YeXHT makonida ishonchni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlik masalalarini chuqurroq muhokama etish uchun ham zamin yaratadi, – dedi Serj Rumin.

22-iyun kuni maxsus vakil Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan “Yosh tinchlikparvarlarning transchegaraviy tashabbusi” xalqaro forumida ishtirok etdi. Tadbir Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning chegaraoldi hududlaridan kelgan 30 nafardan ortiq yoshlarni bir maydonda jamladi. Forum doirasida elchi Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
Serj Ruminning ushbu tashrifi Tojikiston va Qirg‘izistonni ham qamrab olgan mintaqaviy safari doirasida amalga oshirildi.
O‘zA