Toshkent xalqaro aeroportida bojxona nazoratida Xitoy tajribasi o‘rganilmoqda
Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchilar va aviayuklarni bojxona nazoratidan o‘tkazish jarayonlarini yanada takomillashtirish maqsadida Xitoyning ilg‘or texnologiya va yondashuvlari muhokama qilindi.
«Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida Bojxona qo‘mitasining Xitoy Xalq Respublikasidagi rasmiy vakili Komil Qodirov ishtirokida videomuloqot o‘tkazildi.
Unda Xitoyning Pudun va Dasin xalqaro aeroportlarida yo‘lovchilar, bagaj va aviayuklarni bojxona nazoratidan o‘tkazishda qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda bojxona nazorati samaradorligini oshirishda xavflarni oldindan aniqlash, mavjud resurslarni aniq xavflarga yo‘naltirish va zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

2026-yilning yanvar–iyul oylarida Toshkent xalqaro aeroporti orqali 41 ming 340 ta aviareys amalga oshirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 ming 120 taga yoki 5 foizga ko‘p. Shu davrda aeroport orqali 5,596 milliondan ortiq yo‘lovchi harakatlangan. Yo‘lovchilar oqimi qariyb 820 ming nafar yoki 17 foizga oshgan. Aeroportda bir kunda o‘rtacha 26 ming nafardan ortiq yo‘lovchi harakatlanmoqda. Ularning 5,556 milliondan ziyodi «yashil» yo‘lak orqali bojxona nazoratidan o‘tgan.

Bu ko‘rsatkichlar Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchilar va aviaqatnovlar hajmi izchil oshib borayotganini ko‘rsatadi. Shuning uchun bojxona nazoratini tezkor, qulay va bir vaqtning o‘zida samarali tashkil etish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Videomuloqot davomida yo‘lovchilarni xavf profillari asosida oldindan saralash, sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida rentgen tasvirlarini tahlil qilish, API/PNR ma’lumotlaridan samarali foydalanish hamda elektron smart-qulf texnologiyalarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bunday yondashuvlar bojxona nazoratida xavfi yuqori bo‘lgan holatlarni oldindan aniqlash, nazorat tadbirlarini maqsadli tashkil etish va qonuniy yo‘lovchilar uchun ortiqcha vaqt sarfini kamaytirish imkonini beradi. Shuningdek, raqamli texnologiyalardan keng foydalanish bojxona xodimlarining ish samaradorligini oshirish, ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish va nazorat jarayonlarini avtomatlashtirishga xizmat qiladi.

Muloqot yakunida tajriba almashinuvini yanada kengaytirish, O‘zbekistonga yuborilayotgan yuklar va yo‘lovchilar bo‘yicha ma’lumotlarni oldindan almashish mexanizmlarini takomillashtirish hamda Toshkent xalqaro aeroportida Xitoy tajribasi asosida pilot loyihalarni joriy etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA