Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi savdosining strategik yo‘nalishi
So‘nggi o‘n yillikda mamlakatimiz tashqi iqtisodiy faoliyatida tub burilishlar davri bo‘ldi: iqtisodiyotni liberallashtirish va eksportga yo‘naltirilgan modelga o‘tish jarayoni jadal davom etmoqda. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-yilda respublikamizning umumiy tashqi savdo aylanmasi 24,9 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yil yakunida bu ko‘rsatkich 67,2 milliard dollarga, 2025-yil yakunida esa 82,7 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 20,7 foizga oshganini ko‘rsatadi. E’tiborlisi, bu o‘sishning geografik tuzilishiga e’tibor qaratilsa, Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo hajmi mamlakat tashqi savdosining nisbatan kichik, ammo tez o‘sib borayotgan qismini tashkil etadi.
Qayd etish kerak, diyorimiz 2025-yilda jahonning 210 ta davlati bilan savdo aloqalarini amalga oshirdi. O‘lkamiz tashqi savdo aylanmasining tarkibiy tahlili shuni ko‘rsatadiki, yetakchi o‘rinlarni an’anaviy ravishda uchta davlat egallaydi: Xitoy (aylanmaning taxminan 19–21 foizi), Rossiya (16–18 foiz) va Qozog‘iston (6 foiz atrofida). 2024-yil yakuniga ko‘ra, Xitoy bilan savdo aylanmasi 17,5 milliard dollarni, Rossiya bilan 13,4 milliard dollarni, Qozog‘iston bilan esa 5,2 milliard dollarni tashkil etdi. Qozog‘iston shu tariqa O‘zbekistonning uchinchi yirik savdo hamkori maqomini bir necha yildan buyon barqaror saqlab kelmoqda.
E’tiborlisi, MDH davlatlari yurtimiz tashqi savdo aylanmasining 2024-yil 11 oyi yakunida 35,4 foizini tashkil etgan. Faqat mintaqadagi qo‘shni davlatlar — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan savdo esa turli davrlarda umumiy aylanmaning 10–14 foizi atrofida qayd etilgan. Masalan, 2022-yilning birinchi yarmida Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasi 4 milliard dollarga yetib, umumiy hajmning 14,1 foizini tashkil etgan bo‘lsa, eksport 1,7 milliard dollarga (19,1 foizga o‘sib), import esa 2,3 milliard dollarga (11,4 foizga o‘sib) yetgan edi.
Mintaqamizdagi davlatlar o‘rtasidagi savdoning o‘zida ham rang-baranglik mavjud. Xuddi shu 2022-yilgi tahlilga ko‘ra, mintaqaviy savdoning 62 foizi Qozog‘istonga, atigi 9 foizi Tojikistonga to‘g‘ri kelgan, qolgan ulush esa Qirg‘iziston va Turkmaniston o‘rtasida taqsimlangan. Bu holat bejiz emas: Qozog‘iston nafaqat aholi soni va iqtisodiy salohiyati bo‘yicha, balki O‘zbekiston bilan umumiy chegara uzunligi, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari tarmog‘ining rivojlanganligi bilan ham mintaqada alohida o‘rin tutadi. Shu bilan birga, Turkmaniston O‘zbekiston uchun energetika sohasida — neft va tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha strategik ahamiyatga ega hamkor bo‘lib qolmoqda.
Qirg‘iziston bilan savdo-iqtisodiy aloqalar so‘nggi yillarda izchil rivojlanib bormoqda, chegara hududlaridagi savdo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari almashinuvi bu yo‘nalishning asosini tashkil etadi. Shuningdek, Prezident Sh.Miziyoyevning 2026-yil avgust oyida Cho‘lponota shahriga tashrifi doirasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 3 milliard dollarga yetkazish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li bo‘ylab infratuzilmani rivojlantirish hamda Qambarota-1 GESni barpo etish loyihasini jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanganligi buning yaqqol dalili bo‘la oladi.
Ta’kidlash kerakki, 6–14 foizlik ulush unchalik katta ko‘rinmasligi mumkin. Ammo iqtisodiy geografiya nuqtai nazaridan bu raqamlarning ortida bir necha muhim omillar yotadi.
Birinchidan, transport-logistika omili. Markaziy Osiyo mamlakatlari O‘zbekiston uchun dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mintaqada eng qisqa va arzon tranzit yo‘lini ta’minlaydi. So‘nggi yillarda “TransLogistica Uzbekistan” kabi xalqaro ko‘rgazma-anjumanlarning Toshkentda o‘tkazilishi, “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi kabi infratuzilma tashabbuslari mintaqaviy transport tizimini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Ikkinchidan, xavfsizlik va barqarorlik omili. Qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikning kuchayishi mintaqada nizolar ehtimolini kamaytiradi va Markaziy Osiyoni yagona iqtisodiy makon sifatida rivojlantirish istiqbollarini yaratadi. Bu esa 2016-yildan buyon o‘lkamiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Uchinchidan, tovar tarkibini diversifikatsiya qilish imkoniyati. Uzoq mamlakatlar bilan savdoda logistika xarajatlari va valyuta tavakkalchiligi yuqori bo‘lsa, qo‘shni davlatlar bilan savdoda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, tayyor mahsulotlar va xizmatlar eksportini kengaytirish uchun nisbatan qulay shart-sharoitlarga ega.
Iqtisodchilar tomonidan o‘tkazilgan mintaqaviy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish hali ham istiqbolli, ammo to‘liq amalga oshirilmagan yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Bunga bir qator sabablar bor. Jumladan, transport infratuzilmasining nomukammalligi, notarif to‘siqlarning saqlanib qolishi, standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimlaridagi farqlar, shuningdek, chegara-bojxona amaliyotidagi ba’zi byurokratik cheklovlar.
Ayni paytda O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo balansi barqaror manfiy bo‘lib qolmoqda — 2025-yilda taqchillik 13,5 milliard dollardan oshgan, bu esa importni o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishni, jumladan, mintaqa bozorlariga mo‘ljallangan mahsulotlarni rivojlantirish zaruratini yana bir bor ko‘rsatadi.
Raqamlar shuni ko‘rsatadiki, Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi savdosida hajmi bo‘yicha emas, balki strategik ahamiyati bo‘yicha alohida o‘rin tutadi. Qozog‘iston mamlakatimizning uchinchi yirik savdo hamkori, Turkmaniston energetika sohasidagi tayanch hamkor, Qirg‘iziston va Tojikiston esa chegara mintaqalari iqtisodiyoti uchun hayotiy ahamiyatga ega bozorlardir. Mintaqa ichi savdoning umumiy aylanmadagi ulushini oshirish — bu nafaqat statistik ko‘rsatkich, balki Markaziy Osiyoni yagona, o‘zaro bog‘liq va barqaror iqtisodiy makonga aylantirish yo‘lidagi amaliy qadamdir.
Transport yo‘laklarini rivojlantirish, savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish va mintaqaviy qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini kengaytirish – bugungi kunda O‘zbekiston tashqi iqtisodiy siyosatining eng dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Mehri Vohidova,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti