Paxta terish mashinalari mavsumga shaymi? (+video)
Shu oyning oxirida paxtachilikda xirmon ko‘taradigan palla boshlanadi. Bugungi kunda soha to‘liq mexanizatsiyalashmoqda. Hozirda 1700 dan ortiq paxta terim mashinalari shayxolga keltirilgan va yana 1000 tasi ular safiga kelib qo‘shiladi. Bu haqida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan yil yakunlari va joriy yilgi rejalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi.
Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan anjumanda ta’kidlandiki, “O‘zagroinspeksiya” tomonidan 2026-yilning o‘tgan davrida 46 971 ta monitoring tadbirlari o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida salkam 40 mingta ogohnoma kiritildi.
Shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda profilaktika tadbirlari o‘tkazilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatildi. O‘tkazilgan 10 mingga yaqin tekshirish davomida aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha 4 885 ta holatda 7 893 mln so‘m ma’muriy jarima qo‘llanildi, 3 229 ta taqdimnoma tegishli idoralarga kiritildi va 1 728 ta material qonuniy qaror qabul qilish uchun sud va huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
- 2 111 ta holatda 290 gektar maydonda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash va tuproq unumdor qatlamiga zarar yetkazish kabi qonunbuzilishlar aniqlanib, yetkazilgan 131 milliard so‘mdan ziyod zarar hisoblandi, - deydi “O‘zagroinspeksiya” boshlig‘i o‘rinbosari Valijon Hasanov. - 2026-yil hosili uchun 22 ming tonna mahalliy va 18.4 ming tonna import chigit laboratoriyadan o‘tkazilib, 1.4 ming tonna sifatsiz urug‘likning muomalaga chiqishiga yo‘l qo‘yilmadi. Aprobatsiya tadbirlari natijasida 265 ming tonnadan ortiq sifatli urug‘lik g‘alla jamg‘arildi.
Davlat ehtiyojlari uchun qabul qilingan dondan foydalanish va tashish jarayonlari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi evaziga 14 851 tonna bug‘doyning tabiiy yo‘qotilishi iqtisod qilindi. Qishloq xo‘jaligi urug‘chiligida sertifikatlashtirish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilib, QR kod va yagona reyestr asosida sertifikatlarni onlayn tekshirish imkoniyati yaratildi.
Matbuot anjumani savol-javoblar ruhida o‘tdi va jurnalistlar tomonidan yo‘llangan savollarga batafsil javob qaytarildi.
<iframe width="1431" height="805" src="https://www.youtube.com/embed/Fic5GyN3ikY" title="Paxta terish mashinalari mavsumga shaymi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Alimurod Mamadaminov (foto), Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA