Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yuqori Chirchiq tumani tibbiyot muassasasida ilk marotaba ortiqcha vazn va semizlikni jarrohlik yo‘li bilan davolashga qaratilgan murakkab operatsiya muvaffaqiyatli amalga oshirildi. 1983-yilda tug‘ilgan bemor shifoxonaga “Semizlik II daraja” tashxisi bilan murojaat qildi. Shuningdek, unda metabolik sindrom, alkogolga bog‘liq bo‘lmagan jigarni yog‘ bosishi hamda dislipidemiya kabi asoratlar aniqlangan.
Bemor barcha zarur tekshiruvlardan o‘tkazilgandan so‘ng, laparoskopik usulda oshqozonning sliv-rezeksiyasi va qorin bo‘shlig‘ini drenajlash operatsiyasi bajarildi. Hozirda uning ahvoli qoniqarli bo‘lib, ambulator davolanish uchun uyiga javob berilgan. Ikki hafta ichida bemor 11 kilogramm vazn yo‘qotdi. Shu bilan birga, arterial qon bosimi barqarorlashgan.

***
Ohangaron tumanida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Ekopolitsiya xodimlari hamda tuman IIB xodimlari hamkorligida reyd tadbiri o‘tkazildi.

Xodimlar “Ko‘ksaroy” MFY hududida Sibir tog‘ echkisining tana qismlari sotilayotganini aniqladi. O‘rganish davomida mazkur tog‘ echkisi fuqaro U.M. tomonidan hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ravishda otib o‘ldirilgani ma’lum bo‘ldi. Natijada “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonun va “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli moddalari talablari buzilgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur huquqbuzarlik oqibatida hayvonot dunyosiga 6 million 180 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Hozirda holatga huquqiy baho berish va tegishli choralar ko‘rish maqsadida hujjatlar sud organlariga yuborish uchun tayyorlanmoqda.
***
Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan Nurafshon shahridagi qurilish ob’ektlarida navbatdagi nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Monitoringlar davomida tegishli loyiha va ruxsat beruvchi hujjatlarsiz qurilish ishlari olib borilayotgan ob’ektlar aniqlandi.

Bu holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilib, huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanildi. Shuningdek, ob’ekt egalariga qurilish ishlarini belgilangan tartibda rasmiylashtirish, tegishli hujjatlarni olmasdan turib qurilish-montaj ishlarini amalga oshirmaslik yuzasidan tushuntirishlar berildi. Joylarda noqonuniy va hujjatlarsiz qurilishlarning oldini olish, qurilish sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.