So‘nggi qo‘ng‘iroq yangi marralarga chorlaydi
Bugun mamlakatimizdagi umumta’lim maktablarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas taassurotlar bilan o‘tdi. Bu kun, ayniqsa, maktab ostonasidan mustaqil hayot sari qadam qo‘yayotgan bitiruvchilar uchun umr daftarida muhrlanib qoladigan muhim sana hisoblanadi.
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar 5-sonli umumta’lim maktabida ham “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri bayramona ruhda tashkil etildi. Maktabda bugungi kunda 1601 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Joriy o‘quv yilida esa 117 nafar 11-sinf bitiruvchisi katta hayot ostonasida turibdi.
Quvonarlisi, bitiruvchilarning 71 nafari milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Jumladan, bir nafar o‘quvchi beshta fan bo‘yicha, 12 nafar to‘rtta fan bo‘yicha, 34 nafar o‘quvchi uchta fan bo‘yicha sertifikat sohibiga aylangan. Qolgan bitiruvchilar ham bir yoki ikki fan bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etgan.
Bu raqamlar ortida yoshlarning intilishi, ustozlarning mehnati va ta’limga qaratilayotgan e’tibor mujassam. Ayniqsa, 17 nafar bitiruvchining muddatidan oldin talaba bo‘lgani maktab jamoasi uchun alohida g‘urur manbaiga aylangan.
Ta’lim muassasasida o‘quvchilarning nafaqat fanlarni o‘zlashtirishi, balki ijodiy va madaniy salohiyatini yuksaltirishga ham katta ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, maktab teatr jamoalari o‘rtasida tashkil etilgan “Turon teatr” tanlovida 5-maktab jamoasi birinchi o‘rinni egallab, viloyat bosqichida uchinchi o‘rin sohibi bo‘ldi.
[gallery-29633]
Shuningdek, ijodkor o‘quvchi yoshlarni birlashtirgan “Iqtidor” bolalar ansambli ishtirokchilari ham viloyat va Respublika miqyosidagi tanlovlarda munosib ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Maktabda 120 nafar pedagog faoliyat yuritadi. Ularning 76 foizini oliy, birinchi va ikkinchi toifali malakali ustozlar tashkil etadi. Bu esa ta’lim sifati va natijadorlikning muhim omili sanaladi.
So‘nggi qo‘ng‘iroq bu xayrlashuv emas, balki yangi imkoniyatlar, yangi orzular va yangi maqsadlar sari tashlangan dastlabki qadamdir. Bugungi bitiruvchilar ertangi kunning malakali mutaxassisi, Vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan fidoyi yoshlar bo‘lib yetishishi shubhasiz.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari