Talabalar Koreya sobiq tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Koreya Respublikasi Parlamenti a’zosi, sobiq Tashqi ishlar vaziri janob Pak Jin bilan uchrashuv va ochiq ma’ruza tashkil etildi.
Tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda xalqaro munosabatlar yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar faol ishtirok etdi. Janob Pak Jin global diplomatiya, Koreya Respublikasining tashqi siyosati hamda O‘zbekiston–Koreya hamkorlik aloqalarining bugungi rivojlanish bosqichlari haqida batafsil fikr yuritdi.

Ma’ruza davomida Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni “raqamli Ipak yo‘li” asosida rivojlantirish g‘oyasi ilgari surildi. Sun’iy intellekt, ilm-fan va texnologiyalar kelajak taraqqiyotining asosiy omiliga aylanayotgani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, Samarqand va Buxoroning tarixiy Ipak yo‘li merosi ekanligi, “algoritm” atamasi buyuk alloma Al-Xorazmiy nomidan kelib chiqqani qayd etildi.
Sun’iy intellekt (AI) bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar, startaplar, kiberxavfsizlik va “smart city” (aqlli shahar) loyihalari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish yuzasidan qator takliflar bildirildi.
Ma’ruza yakunida mehmon talabalar bilan muloqotdan juda mamnun bo‘lganini, yoshlarning bilim va dunyoqarashi yuqori ekanini alohida e’tirof etdi.
– O‘zbekistonga har safar kelsam, albatta TDSHU talabalariga ma’ruza o‘qimay ketmayman. Sizlar bilan, yoshlar bilan suhbatlashaman. Men Sharqshunoslik universiteti oilasining bir a’zosiman, — dedi Pak Jin.
– Uchrashuv davomida ikki tomonlama akademik hamkorlikni kengaytirish, talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvini rivojlantirish hamda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Suhbat jarayoni nihoyatda samimiy va mazmunli kechdi. Janob Pak Jin o‘z faoliyati va hayotiy misoli orqali inson doimo izlanishda bo‘lishi, ilmiy va intellektual salohiyatini umr bo‘yi rivojlantirib borishi kerakligini yana bir bor ko‘rsatib berdi, – deydi Universitet matbuot xizmati boshlig‘i Muqaddasxon Taylanova.
Mohigul Qosimova,
O‘zA