Toshkent shahridagi oliygohlarda yangi o‘quv yilidan darslar soat 08:00 da boshlanishi belgilandi
Toshkent oliygohlarida yangi o‘quv yilidan darslar boshlanish vaqti o‘zgaradi. Bu qaror shahar transport oqimi va talabalar kun tartibiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida joylashgan oliy ta’lim tashkilotlarida birinchi smenadagi o‘quv mashg‘ulotlari soat 08:00 da boshlanadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur tartibni joriy etishdan maqsad poytaxtda transport oqimini samarali tashkil etish, ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda yo‘llardagi yuklamani kamaytirish hamda ta’lim jarayonini yanada maqbul tashkil etishga qaratilgan.
Xususan, dars mashg‘ulotlarining ertaroq boshlanishi oliy ta’lim tashkilotlariga qatnaydigan talabalar va professor-o‘qituvchilarning harakatlanish vaqtini oqilona rejalashtirish, kun davomida ta’lim jarayonini samarali tashkil etish hamda shahardagi transport vositalari oqimini maqbullashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, yangi tartib kunduzgi va kechki ta’lim shakllarida tahsil olayotgan talabalar uchun o‘quv kunini to‘g‘ri rejalashtirish, mashg‘ulotlar va boshqa o‘quv faoliyati uchun vaqt imkoniyatlarini kengaytirish imkonini beradi.
Ma’lum qilinishicha, ta’lim tashkilotlarida o‘quv mashg‘ulotlarini belgilangan vaqtda boshlash, o‘quv jarayonini tegishli ravishda tashkil etish hamda talabalar uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.
Sherbek Islomov, O‘zA