Mustaqillikning 35 yilligi: umumiy ish hamkorlikni do‘stlikka aylantirmoqda
Yuqori texnologiyalar asrida yirik qo‘shma iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalar mamlakatlarni birlashtish va yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Biroq chinakam hamjihatlik odamlar birga mehnat qilgan, bir-birining madaniyatini o‘rgangan, yagona jamoani qo‘llab-quvvatlagan va bir dasturxon atrofida har biri uchun muqaddas va aziz bo‘lgan Vatan haqida suhbatlashgan paytda yuzaga keladi.
Ana shunday shukuh bilan “Asia Trans Gas” MCHJ QKda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi. Bayram dasturi korxonaning o‘zbekistonlik va xitoylik xodimlarini birlashtirib, insoniy muloqot va o‘zaro hurmat mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashini namoyon etdi.
O‘zbekiston va Xitoy energetika, qurilish, tog‘-kon sanoati, logistika, ta’lim va boshqa ko‘plab sohalarda hamkorlikni izchil kengaytirib bormoqda. Energetika sohasida bunday hamkorlikning yorqin namunalaridan biri – 18 yildan ortiq vaqt davomida ikki mamlakat mutaxassislari ilg‘or tajriba va zamonaviy texnologiyalarni uyg‘unlashtirgan holda bir jamoa bo‘lib faoliyat yuritib kelayotgan “Asia Trans Gas” O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma korxonasi.
Korxona muhim infratuzilmaviy vazifalarni amalga oshirish, sohani modernizatsiya qilishda ishtirok etib, mamlakat iqtisodiyotiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Bir necha yildan buyon “Asia Trans Gas” xizmat ko‘rsatish sohasidagi yirik soliq to‘lovchilar qatoridan ham joy olib kelmoqda. Korxonada hamkorlik faqat ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari doirasidan chiqib, ikki davlatning muhim sanalarini birgalikda nishonlash, sport musobaqalari va madaniy tadbirlarni o‘tkazish an’analari shakllangan.
Shunday an’analardan biri O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi bayrami arafasida Buxoro shahrida har yili o‘tkaziladigan mini-futbol turniridir. Musobaqa hududiy stansiyalar hamda ma’muriy bo‘linmalar xodimlarini birlashtiradi. Joriy yil sport bayramida 80 nafardan ortiq xodim 8 ta jamoaga bo‘linib, ikki kun davomida bosh sovrin uchun kurash olib bordi.

Futbol maydonida o‘yinni intizom, o‘zaro yordam, aniq pas, jamoadoshlariga ishonch va birgalikda harakat qilish qobiliyati hal qiladi. Aynan shu jihatlar yirik xalqaro korxona faoliyatida ham zarur. Shu bois turnir nafaqat sport musobaqasi, balki “Asia Trans Gas” jamoasi birdamligining yana bir amaliy ifodasiga aylandi.
Mustaqillik bayrami tadbirlari qo‘shma korxonaning bosh ofisida “Mening kichik vatanim” nomli tantanali tadbir bilan davom etdi. Unda xodimlar bir-biriga O‘zbekiston haqida rasmiy tilda emas, balki o‘z xotiralari orqali so‘zlab berdi.
Har bir insonning o‘z kichik vatani bor. Kimdir uchun bu – Nukus va Qoraqalpog‘istonning bepoyon adirlari, boshqalar uchun – qadimiy Xorazm. Yana kimdir uchun esa Farg‘ona vodiysi, Qashqadaryo yoki Surxondaryo. Bular – nison maktabga ilk qadamini qo‘ygan, yaqinlari yashaydigan, ko‘chalari, an’analari va uyda tayyorlangan taomlarning isi ufurib turgan maskan. Mamlakatning buyuk tarixi ana shunday kichik hikoyalardan yaratiladi.

Korxonaning turli bo‘linmalari vakillari o‘z hududlari haqida ijodiy taqdimotlar tayyorladilar. Xodimlar diqqatga sazovor joylar, mashhur yurtdoshlar, hunarmandchilik, milliy taomlar va mahalliy urf-odatlar haqida so‘zlab berdilar. Taqdimotlar davomida videoroliklar va viktorinalar ham o‘tkazildi. Bu orqali xodimlar O‘zbekistonning turli hududlari bo‘ylab o‘ziga xos sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. “Istiqlol” bolalar raqs ansamblining chiqishlari esa yurtimiz hududlarining boy folklorini namoyish etdi.
Viktorinalarda, ayniqsa, xitoylik mutaxassislar faol ishtirok etdi. Ularning aksariyati uchun ushbu tadbir bugun yashab va mehnat qilayotgan mamlakatni mutlaqo yangi qirradan – nafaqat mashhur sayyohlik yo‘nalishi, balki do‘stlari va hamkasblarining shaxsiy hikoyalari orqali ham ko‘rish imkonini berdi.
– O‘zbekistonda uch yildan buyon yashab, ishlab kelaman. Hamkasblarim bilan mamlakatingizning asosiy davlat bayramini uchinchi marta birga nishonlayapman. Bu yil men O‘zbekiston hududlari bilan ancha yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lib, ilk bor an’anaviy Xorazm taomi – tuxumbarakni yeb ko‘rdim. Men mamlakatingiz tarixi va madaniyatiga qiziqaman, shu bois viktorina davomida deyarli barcha savollarga to‘g‘ri javob bera oldim. Xitoylik hamkasblarim nomidan o‘zbek xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan samimiy tabriklayman!” – dedi korxona xodimi Gao Yaszyun.

Tadbirda “Asia Trans Gas” MCHJ QK Bosh direktori Lyu Chjiguan va Bosh direktorning birinchi o‘rinbosari Mirjalol Azizov ham jamoa a’zolariga o‘z tabrik so‘zlarini yo‘lladilar. Ular O‘zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari, keng ko‘lamli islohotlarning ahamiyati, qo‘shma korxonaning infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish va mamlakat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini alohida qayd etdilar. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining uzoq muddatli vazifalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Bayramning rasmiy qismi samimiy ruhda hududlar oshlari festivali bilan davom etdi. Katta qozonlarda Samarqand zig‘ir oshi, Andijon devzira palovi va Toshkent to‘y oshi tayyorlandi. Bir dasturxon atrofida turli bo‘linmalar va millat vakillari o‘zbek milliy taomining turfa ko‘rinishlarini tatib ko‘rdilar va muloqotni norasmiy muhitda davom ettirdilar.
Aynan shu onlarda bayramning asosiy g‘oyasi yaqqol namoyon bo‘ldi – mir loyiha ustida ishlash mumkin, turli mamlakat vakili bo‘lish mumkin, har xil tilda so‘zlashish mumkin, lekin odamlar bir-birining an’analarini bilsa, bayramlarni birgalikda nishonlasa, musobaqalashsa va umumiy natijalardan faxrlansa, madaniyatlar o‘rtasidagi masofa ancha qisqaradi.
“Asia Trans Gas” uchun mustaqillikning 35 yilligi nafaqat qutlug‘ sana, balki yirik xalqaro hamkorlik oddiy, lekin eng muhim qadriyatlardan – hurmat, ishonch va bir jamoa bo‘la olishdan boshlanishini yana bir bor namoyon etdi.
O‘zA