Namanganda yosh merganlar bellashdi
FOTOREPORTAJ
Namangan shahrida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan yoshlar o‘rtasida pnevmatik quroldan o‘q otish bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi
“Vatanparvar” tashkiloti Namangan shahar o‘quv-sport texnika markaziga qarashli o‘q otish majmuasida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida tashkil etilgan bellashuvlar pnevmatik quroldan o‘q otish va para o‘q otish bo‘yicha Namangan viloyati chempionatining II bosqichi doirasida o‘tkazildi. Unda shahar va tuman o‘quv-sport texnika markazlaridan 73 nafar yosh sportchi ishtirok etib, VP-6 va PP-3 mashqlari bo‘yicha havo miltig‘i hamda havo to‘pponchasidan o‘q otishda o‘z mahoratini namoyish etdi.
[gallery-31110]
Musobaqada imkoniyati cheklangan sportchilar ham faol ishtirok etib, munosib natijalarni qayd etdi.
PP-3 mashqi bo‘yicha Irina Tarasova, Refat Kerimov, Alina Tarasova va Vadim Kandikova, VP-6 mashqida esa Sevile Kerimova, Oybek G‘ulomjonov, Durdona Mavlanova, Saidakbar Yoqubov va Mahliyo Muhammadaliyeva birinchi o‘rinni egalladi.
Para o‘q otish bo‘yicha PP-3 mashqida Dildora Nizomova, VP-6 mashqida Sarvinoz Hamidullayeva va Muhammadjon Ismatullayev g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Umumjamoa natijalariga ko‘ra, Viloyat texnik va amaliy turlari markazi jamoasi birinchi, 1-sonli Namangan shahar O‘STM jamoasi ikkinchi, To‘raqo‘rg‘on tuman O‘STM jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlariga “Vatanparvar” tashkilotining faxriy yorliq va medallari tantanali ravishda topshirildi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA