Toshkent shahri klinikalarida retseptni qog‘oz shaklida rasmiylashtirish davom etayotgani tanqid qilindi
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilovning Toshkent shahri sog‘liqni saqlash boshqarmasi va unga qarashli tibbiyot muassasalari rahbarlari bilan o‘tkazgan muloqotida shu yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, sohada qator kamchiliklar kuzatilgan. Buni shu yilning 6 oyida shifoxonalarga yotqizish holatlarining 15 foizida asossiz gospitalizatsiya, 11 foizida polipragmaziya, klinik protokollar va davolash standartlariga rioya etmaslik hamda 17 foizida qo‘shib yozish aniqlangani misolida ham ko‘rish mumkin.
Shuningdek, muloqotda onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishidagi ishlar chuqur tahlil qilinarkan, tug‘ruq muassasalaridagi korrupsiyaviy holatlar keskin tanqid ostiga olindi. Shifokorlarning bemorlarga muomala madaniyati, turli byurokratik holatlarga yo‘l qo‘yilayotganligi aniq misollar bilan ko‘rsatib o‘tildi. Bunday xatti-harakatlarni sodir etgan tug‘ruq muassasalari rahbarlari faoliyatini o‘rganib, ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish topshirig‘i berildi.

Bundan tashqari, shu yilning birinchi yarmida mamlakatimiz bo‘yicha elektron rasmiylashtirilgan 3 ming 130 dan ziyod retseptda shifokorlar izoh qismiga dori vositasining savdo nomini yozish holatlari aniqlangan va shundan 54 foizi poytaxt hissasiga to‘g‘ri kelgan.
– Olis hududlardagi tibbiyot muassasalarida ham raqamlashtirish jadal yo‘lga qo‘yilayotgan bir paytda Toshkent shahri klinikalarida retseptni qog‘oz shaklida rasmiylashtirish davom etayotgani, ayniqsa, achinarlidir, – dedi vazir.
Tadbirda kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketini dori vositalari bilan ta’minlash 80, laborator tekshiruvlar 90 va diagnostik tekshiruvlar 86 foizni tashkil etgani ko‘rsatib o‘tildi.
Ayniqsa, dori vositalari bilan ta’minlash Sergeli, Yangihayot, Bektemir va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida bor-yo‘g‘i 50 foizga yetgani jiddiy kamchilik sifatida baholandi.

Shuningdek, muloqotda Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi ijrosida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani aytildi.
Muloqotda mas’ullarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar bo‘limi tomonidan 6 oy davomida 197 ta davlat tasarrufidagi tibbiyot muassasasida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan kamchiliklarni hal etish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.
Yakunda mutasaddilarga ko‘rsatib o‘tilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi, deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.
Mohigul Qosimova, O‘zA