Toshkent me’moriy merosi - O‘zbekiston madaniy diplomatiyasining yangi sahifasi
Janubiy Koreyaning Pusan shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida qabul qilingan tarixiy qaror O‘zbekistonning madaniy merosini xalqaro maydonda yana bir bor e’tirof etdi.
Qo‘mita tomonidan “Tashkent Modernist Architecture. Modernity and Tradition in Central Asia” (Toshkent modernistik arxitekturasi: Markaziy Osiyoda zamonaviylik va an’analar) seriyali nominatsiya ma’qullanib, poytaxtimizning 10 ta me’moriy ob’ekti YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.
Mazkur qaror nafaqat mamlakat me’morchiligi tarixida, balki yurtimizning madaniy diplomatiyasi, shahar merosini muhofaza qilish siyosati va xalqaro gumanitar hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim voqea sifatida baholanmoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti katta o‘qituvchisi, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Ma’muraxon Asrorxo‘jayeva ta’kidlashicha, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi qadimiy shaharlar tarixiy markazlari va me’moriy ob’ektlari allaqachon YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va insoniyat sivilizatsiyasining noyob durdonalari sifatida e’tirof etilgan.

- Toshkent modernizmining YUNESKO tomonidan tan olinishi zamonaviy arxitekturaga nisbatan xalqaro yondashuv o‘zgarib borayotganining yorqin ifodasidir. Bu qaror o‘lkamizning madaniy siyosatida muhim burilish yasaydi. Endi xalqaro miqyosda mamlakat nafaqat Ipak yo‘li sivilizatsiyasi, balki XX asr modernistik arxitekturasi bilan ham taniladi.
YUNESKO ekspertlari nominatsiyani baholashda uning “Outstanding Universal Value” (alohida umumjahon qiymati) mavjudligini e’tirof etdi.
Ta’kidlanishicha, poytaxtimiz modernistik arxitekturaning mahalliy an’analar bilan uyg‘unlashuvi, shaharsozlikda iqlimga mos innovatsion yechimlar, milliy bezak san’ati elementlarining zamonaviy binolarda qo‘llanilishi, 1966-yilgi zilziladan keyingi shaharni tiklash tajribasining o‘ziga xosligi va modernizmning Markaziy Osiyoda shakllangan mustaqil maktabi sifatidagi xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Yuqoridagilarning barchasi Toshkent modernizmi faqat milliy emas, balki umumjahon ahamiyatiga ega madaniy meros sifatida baholanganini anglatadi. YUNESKOning Seriyali nominatsiya doirasida quyidagi ob’ektlar - “Jemchug” turar joy majmuasi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Xalqlar do‘stligi saroyi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Toshkent davlat sirki, Badiiy akademiya Markaziy ko‘rgazmalar zali, Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyi, “Chorsu” bozori, “Kosmonavtlar” metro bekati, “Quyosh” geliokompleksi Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
E’tiborlisi, ushbu 10 ob’ektni YUNESKO alohida binolar sifatida emas, balki bir shaharning ansambl merosi sifatida tan olgan.
Ma’lumki, O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlik o‘tgan o‘ttiz yil davomida izchil rivojlanib kelmoqda. Respublikamiz 1993-yilda tuzilmaga a’zo bo‘lganidan so‘ng madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish, ta’lim, fan va madaniyat sohalarida keng qamrovli madaniy hamkorlikning unikal modelini yo‘lga qo‘ydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida madaniy merosni muhofaza qilish va uni xalqaro maydonda keng targ‘ib etish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. O‘lkada tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, muzeylar faoliyatini modernizatsiya qilish, arxeologik tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator dasturlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent modernizmining YUNESKO tomonidan e’tirof etilishi diyorimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash, madaniy diplomatiya salohiyatini kengaytirish va milliy arxitektura maktabini jahon miqyosida targ‘ib qilish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Bu qaror Yangi O‘zbekistonning xalqaro gumanitar hamkorlikdagi faol ishtirokini yana bir bor namoyon etadi.
Umuman olganda, Toshkent modernizmining YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi – madaniy meros tushunchasini kengaytirib, Vatanimizning boy tarixini nafaqat qadimiy obidalar, balki XX asr me’morchiligi orqali ham jahonga namoyon etish imkonini berdi. Bu esa mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish, madaniy aloqalarni mustahkamlash va kelgusi avlodlar uchun noyob me’moriy merosni asrab-avaylash yo‘lida muhim qadamdir.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA