"Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" milliy tadqiqot universitetida dual ta’lim tizimi joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" milliy tadqiqot universitetida ta’lim klasteri (maktabgacha va maktab ta’limi-litsey-texnikum-oliygoh-tarmoq-malaka oshirish) tashkil etilib, dual ta’lim tizimi joriy etiladi.
2026-yil 1-maydan boshlab:
a) Universitetning yetakchi professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari hududlarga biriktiriladi. Bunda yetakchi professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ilmiy maslatatchisi hisoblanadi. Bunda:
ilmiy maslahatchilar Universitet rektori tavsiyasiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlari tomonidan o‘rindoshlik asosida ishga qabul qilinadi;
ilmiy maslahatchilarni hamda hududlarga malakaviy amaliyotga yuborilgan Universitet talabalarini yashash joyi va sharoiti bilan ta’minlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi;
ilmiy maslahatchilar ular tomonidan berilgan ilmiy va amaliy yechimga qaratilgan tavsiyalarning natijalaridan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan moddiy rag‘batlantiriladi;
b) talabalarning sayyor darslari qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlar va hududlardagi "Suvchilar maktabi" bazasida tashkil etiladi.
Ilmiy maslahatchilarning suv xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan tadbirlarning ilmiy yechimiga qaratilgan "yo‘l xaritasi" 2026-yil uchun bir hafta muddatda, keyingi yillar uchun har yili 15-dekabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat hokimlari, Suv xo‘jaligi vazirligi va Universitet rektori tomonidan tasdiqlanadi.
Qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda sohaga oid muammolarni o‘rganish va ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish uchun "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" milliy tadqiqot universiteti kafedralarini hududlarga biriktirish jadvali tasdiqlandi.
Hududlardagi qishloq va suv xo‘jaligi muammolarini tizimli hal etishga qaratilgan ilmiy faoliyat natijalarini joriy etish va (yoki) yangi ishlanma sifatida tijoratlashtirish maqsadida Universitetda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Istiqbolli loyihalar ofisi tashkil etiladi. Bunda:
a) ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi loyihalar uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan maqsadli ravishda moliyalashtiriladigan Universitetning qishloq va suv xo‘jaligi muammolariga oid fundamental va amaliy tadqiqotlari Loyiha ofisi tomonidan muvofiqlashtiriladi;
b) Loyiha ofisi ilmiy tadqiqotlar natijalarini Universitet bilan birgalikda amaliyotga tizimli ravishda joriy etib boradi;
v) professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar hududlardagi qishloq va suv xo‘jaligi muammolariga oid ilmiy muammolar reyestrini shakllantiradi va uning yechimlariga qaratilgan tadqiqotlar asosida takliflarni ishlab chiqadi.
2026-yil yakuniga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, va Suv xo‘jaligi vazirligi Universitetda "tarmoq-korxona-oliygoh" tamoyili asosida yuqori aniqlikdagi havo, suv, tuproq va o‘simlik ko‘rsatkichlarini tahlil qiluvchi "Tuproq, suv va o‘simlik" kompleks ilmiy tadqiqotlar laboratoriyasi tashkil etiladi.
Mazkur laboratoriyada quyidagi yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib boriladi:
a) sho‘rlangan maydonlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, sho‘r yuvishda suvlarni iqtisod qilish va kollektor-zovurlarni yopiq tizimga o‘tkazish orqali yerdan foydalanish koeffitsiyentini oshirish;
b) geoaxborot tizimi texnologiyalari yordamida gidromodul rayon hududlari chegaralarini yangilash, sug‘orish tartib va me’yorlarini maqbullashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish;
v) degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashda melioratsiya, rekultivatsiya va yerlarni muhofaza qilishning kompleks tadbirlari bo‘yicha ilmiy tavsiyalarni ishlab chiqish;
g) hududlarning tuproq-meliorativ sharoitlaridan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligi ekin turlariga mos ravishda suv tejovchi texnologiyalar va sug‘oriladigan yerlar uchun maqbul bo‘lgan meliorativ rejimning ilmiy-amaliy asoslarini ishlab chiqish.
O‘zA