Qisqa muddatda kasb egallash imkoniyati yaratildi
Mamlakatimizda aholini zamonaviy va mehnat bozorida yuqori talabga ega kasblarga o‘qitish, ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash hamda ichki va tashqi mehnat bozori uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash maqsadida yangi zamonaviy kasb-hunar o‘quv markazlarini tashkil etish ishlari izchil davom etmoqda.
Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi Kasbiy ko‘nikmalar markazi negizida Malakani baholash va qayta tayyorlash markazi tashkil etildi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ko‘magida amalga oshirilgan bo‘lib, professional ta’lim tizimida yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda. Markaz zamonaviy infratuzilma, xalqaro standartlarga mos o‘quv dasturlari, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim modeli hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir.
Loyiha doirasida o‘quv markazi 2,7 gektar hududda barpo etildi. Markaz tarkibida asosiy o‘quv binosi, payvandlash va elektromontaj amaliyot ustaxonalari, mehmonxona, qo‘shimcha infratuzilma ob’ektlari hamda 300 o‘rinli talabalar yotoqxonasi tashkil qilindi. Bino va inshootlarning umumiy maydoni 4500 kvadrat metrdan iborat.
Markaz bir yilda 2160 nafargacha tinglovchini o‘qitish quvvatiga ega bo‘lib, bir smenada 540 nafargacha fuqaro ta’lim olishi mumkin. Har bir yo‘nalish bo‘yicha o‘quv guruhlari 20 nafardan shakllantiriladi. Ta’lim jarayonlari to‘liq oflayn shaklda olib boriladi.
O‘quv markazida bugungi kunda mehnat bozorida eng talab yuqori bo‘lgan 7 ta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Jumladan, kran va ekskavator operatori, payvandlash, CHPU (CNC) dastgoh operatori, yuk transport vositalarini boshqarish (CE toifa, Code 95), texnika xavfsizligi, elektromontyorlik hamda elektromontaj ishlari.
Kurslar davomiyligi 1 oydan 3 oygacha bo‘lib, o‘quv dasturlari xalqaro standartlar asosida shakllantiriladi. Ta’limning 70 foizi amaliy mashg‘ulotlardan, 30 foizi esa nazariy bilimlardan iborat bo‘ladi. Bu esa tinglovchilarning qisqa muddat ichida kasbiy ko‘nikmaga ega bo‘lishi va amaliy ish jarayoniga tez moslashishini ta’minlaydi.
Loyiha doirasida Germaniya, Polsha va Litva tajribasi asosida ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari joriy etiladi. Ayrim yo‘nalishlarda DVS va ISO standartlariga mos xalqaro ta’lim metodikalari qo‘llaniladi. Mashg‘ulotlarga mahalliy va xorijiy tajribaga ega malakali mutaxassislar jalb qilinadi.
O‘qish yakunida tinglovchilarga davlat namunasidagi sertifikat bilan bir qatorda xalqaro darajada tan olinadigan sertifikatlar ham topshiriladi. Bu esa bitiruvchilarga nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijiy davlatlarda ham faoliyat yuritish imkoniyatini yaratadi.
Mazkur loyiha orqali professional ta’lim va amaliy kasb-hunar tizimini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, fuqarolarning daromad manbalarini kengaytirish hamda mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash bo‘yicha muhim qadam tashlanmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA