Nukusda talabalar bahsi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida matematika bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida ochiq fan olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu fan olimpiadasida respublikadagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 400 nafarga yaqin iqtidorli talaba ishtirok etib, o‘z bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazdi.

Olimpiada ikki toifa bo‘yicha o‘tkazildi.
“A” toifasida matematika, amaliy matematika, informatika va kompyuter texnologiyalari ta’lim yo‘nalishlari talabalari ishtirok etib, ularga oliy matematika fanidan 5 ta yozma savol berildi. “B” toifasida esa boshqa ta’lim yo‘nalishlarida o‘qiyotgan talabalar 20 ta yopiq test savoli orqali o‘z bilimini namoyish etishga harakat qildi.
Ishtirokchilarga topshiriqlarni bajarish uchun 4 soat vaqt ajratildi. Olimpiada jarayonlari shaffof va adolatli tarzda o‘tkazilib, talabalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti yaratildi.

Mazkur fan olimpiadasi talaba-yoshlarning matematika faniga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Fan olimpiadasi yakuni bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA