Toshkent davlat transport universiteti “Women in Transport” xalqaro tarmog‘iga qabul qilindi
Filippinning Manila shahri Osiyo taraqqiyot banki bosh qarorgohida "Women in Transport Network" xalqaro tarmog‘ining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, transport kompaniyalari hamda yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi, deyiladi Transport vazirligi ma’lumotida. Sohada inklyuziv transportni rivojlantirish, xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yangi avlod kadrlarini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Muhim jihatlardan biri Toshkent davlat transport universiteti “Womyen in Transport Network” xalqaro tarmog‘iga qabul qilingan yagona oliy ta’lim muassasasi bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, aytish mumkinki, Women in Transport (WiT) Network – transport sohasida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish, ularning liderlik salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda inklyuziv transport tizimini rivojlantirishga qaratilgan xalqaro tarmoq hisoblanadi. Loyiha Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Yevropa investitsiya banki, OECD Xalqaro transport forumi hamda GIZ ko‘magida tashkil etilgan.
Ushbu natija universitetda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, xalqaro ochiqlik va zamonaviy transport ta’limini rivojlantirish borasidagi ishlarning amaliy natijasi sifatida e’tirof etildi.
A.RUSTAMOV, O‘zA