Aholi turmush farovonligini yuksaltirishda faol bo‘laylik
Munosabat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasidagi nutqida Yangi O‘zbekistonda inson manfaati, hududlar taraqqiyoti va barqaror shaharsozlik siyosati masalalari ustuvor ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining nutqida urbanizatsiya jarayonlariga chuqur va strategik yondashuv, aholini munosib uy-joy bilan ta’minlash, ekologik barqaror muhit yaratish, infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda shahar va qishloqlar o‘rtasida mutanosib rivojlanishni ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Ayniqsa, mamlakatimizda keyingi yillarda uy-joy qurilishi hajmining keskin ortgani, “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etilayotgani, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijasidir.
Prezidentimiz tomonidan “yashil”, “aqlli” va “xavfsiz” shaharlar konsepsiyasiga asoslangan yondashuvlar bugungi global chaqiriqlarga mos, zamonaviy va istiqbolli tashabbuslar sifatida xalqaro hamjamiyat e’tiborini qozonmoqda.
Shu bilan birga, mahalla institutining shaharlar rivojidagi o‘rniga yuqori baho berilgani xalqimizning asriy qadriyatlari, jamoaviy hamjihatlik va ijtimoiy mas’uliyat tamoyillarining xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini anglatadi.
Ta’kidlash joizki, ayni kunda Andijon viloyatida ham aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, hududlarni obodonlashtirish, yangi turar joylar va ijtimoiy ob’ektlar qurish, ekologik muhitni yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu boradagi ishlarni amalga oshirishda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Biz xalq vakillari - mahalliy kengashlar deputatlari, yurtdoshlarimiz farovonligini ta’minlash, hududlar infratuzilmasini yanada rivojlantirish va davlatimiz rahbari ilgari surayotgan tashabbuslarni hayotga samarali tatbiq etish yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz lozim.
Botirjon Qodirov,
Xalq deputatlari Andijon viloyat kengashi deputati.
O‘zA.