Bandlik sohasida hamkorlik kengaymoqda
Bandlik xizmatlarini raqamlashtirish, yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat bozoriga integratsiya qilish masalalari yuzasidan xalqaro hamkorlik kengaymoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jo‘rayev Serbiya Respublikasi Mehnat, bandlik, faxriylar ishlari va ijtimoiy siyosat vaziri Milica Jurjevic Stamenkovski bilan uchrashdi.
Unda mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash, kasbiy ko‘nikmalarni baholash va bandlik xizmatlarini raqamlashtirish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat bozoriga integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi, deyiladi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotida.
Shu bilan birga, munosib mehnatni ta’minlash, mehnat huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish borasida fikrlar almashildi.
Natijada ijtimoiy muloqotni rivojlantirish va xalqaro mehnat standartlarini ilgari surish yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollari mustahkamlandi.
A.RUSTAMOV, O‘zA