“To‘maris kubogi” g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 27 oktyabr kuni Samarqand shahridagi “Dinamo” sport majmuasida boshlangan “To‘maris kubogi” musobaqasida vakillarimiz bilan birgalikda Gruziya, Ukraina, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning mohir merganlari g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
To‘rt kun davomida o‘tkazilgan bahslarda sportchilar kamondan otishning olimpik raundi va jamoaviy bellashuvlar bo‘yicha qatnashdi.
Mamlakatimizda ilk bor tashkil etilgan mazkur musobaqa iqtidorli sportchilarni saralash bilan kamondan otish sportining ommaviyligini ta’minlashda, xalqaro munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Murosasiz bellashuvlar yakuniga ko‘ra, olimpik raundi yo‘nalishida rossiyalik Viktoriya Budayeva g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, ukrainalik Polina Rodionova va yana bir Rossiya sportchisi Viktoriya Xaritonova keyingi o‘rinlardan joy oldi.
Merganlar o‘rtasidagi jamoviy musobaqada ham Rossiya terma jamoasi bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston merganlar jamoasi 2-o‘rinni, Qirg‘iziston, Gruziya va Ukraina sportchilardan iborat aralash jamoa esa 3-o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA