Tolimarjon – Muborak suv tizimini rekonstruksiya qilish loyihasi boshlanmoqda
Davlatimiz rahbari Qashqadaryo uchun eng dolzarb masalalardan biri aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash ekanini ta’kidladi.
Joriy yil ajratilgan 1 trillion so‘m hisobidan 747 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i hamda 43 ta inshoot qurilishini ikki oyda yakunlash topshirildi. Natijada 200 ming aholi toza ichimlik suvidan bahramand bo‘ladi.
Hisorak suv omboridan Qarshi shahri, Qamashi, G‘uzor va Qarshi tumaniga tarmoq tortish loyihasini boshlash uchun 100 milliard so‘m ajratildi. Yana 210 million dollar jalb etib, loyihani sifatli amalga oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali 350 ming aholi toza suv bilan ta’minlanadi.
Nishon, Kasbi, Mirishkor, Muborak va Qarshi tumanidagi yana 700 ming aholining suv ta’minotini yaxshilash maqsadida Tolimarjon – Muborak suv tizimini rekonstruksiya qilish loyihasi boshlanmoqda. Uning texnik-iqtisodiy asoslarini 1-aprelgacha yakunlash va loyihaga 150 million dollar jalb etish rejalashtirilgan.
O‘zA