Tog‘ chang‘ichilarimiz “Kashkulak”dagi turnirda qatnashmoqda
Bugun, 6 fevral kuni Qirg‘izistondagi “Kashkulak” tog‘-chang‘i markazida boshlangan xalqaro turnirda 4 ta davlat vakillari qatorida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham bahslarga kirishmoqda.
Xalqaro chang‘i sporti federatsiyasi sha’feligida o‘tayotgan mazkur turnirda O‘zbekiston terma jamoasining 9 nafar o‘g‘il va 4 nafar qizlardan iborat sportchilari yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Mazkur musobaqada ishtirok etayotgan O‘zbekiston chang‘i sporti federatsiyasi bosh kotibi Andrey Voronov telefon orqali O‘zA muxbiriga quyidagilarni ma’lum qildi.

– Qishki sport turlari bo‘yicha terma jamoalarimiz Yevropa va Osiyo mamlakatlarida tashkil etilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, musobaqalarda tizimli ishtirok etmoqda. Bu, kelgusi yutuqlarga munosib zamin tayyorlanayotganidan dalolat. “Kashkulak” tog‘-chang‘i markazida o‘tayotgan musobaqalarda katta tarkib bilan ishtirok etayotganimiz ham shundan. Maqsad 2025 yili Xitoyning Xarbin shahrida bo‘ladigan qishki Osiyo o‘yinlari, qolaversa, 2026 yili Italiyaning Milan va Kortina-dʼAmpetsso shaharlarida o‘tadigan o‘smirlar o‘rtasidagi XXV qishki Olimpiya o‘yinlariga yoshlarimizni hozirdan tayyorlab borish, mahoratini oshirishdir. Shu sababli ham terma jamoamiz tarkibiga bir qator umidli yoshlar jalb etilgan, – deydi A.Voronov.
Musobaqalar 14 fevralga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA