TMK raisi yoshlar bilan yuzma-yuz muloqotda: kelajak haqida ochiq suhbat
Bugungi kunda sanoat kelajagini nafaqat yangi konlar, zamonaviy texnologiyalar yoxud yirik investitsiyalar, balki ularni boshqaradigan, yangi g‘oyalarni ilgari suradigan hamda bilimlarni amaliy natijalarga aylantira oladigan insonlar belgilab beradi.
O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK)da yoshlar bilan ishlashga aynan shu nuqtayi nazardan yondashilmoqda.
TMK tasarrufidagi Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish zavodida Boshqaruv raisi Farhod Abdullayev hamda kombinat tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Bu an’anaviy rasmiy uchrashuvdan ko‘ra, savollarga ochiq javob berilgan, taklif va tashabbuslar bevosita tinglangan, kelajak rejalari hamda yoshlarning ulardagi o‘rni haqida samimiy fikr almashilgan muloqot maydoniga aylandi.

Bugungi kunda birgina zavodning o‘zida 352 nafar yosh mehnat qilmoqda.
Boshqaruv raisi ushbu raqam ortida, avvalo, insonlar va ularning kelajagi turganiga alohida urg‘u berdi:
“Men uchun 352 nafar yosh oddiy raqam emas. Bu — 352 ta taqdir, 352 ta orzu, 352 ta g‘oya va 352 ta imkoniyatdir”.
Uchrashuvning asosiy mavzusi ham aynan shu imkoniyatlarni qanday ro‘yobga chiqarish mumkinligi atrofida kechdi. Kasbiy o‘sish, ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar, yangi loyihalarda ishtirok etish va yosh mutaxassislarning kelajakdagi o‘rni haqida ochiq fikr almashildi.
Boshqaruv raisi bugungi sanoatda inson kapitaliga qo‘yilayotgan talab ham o‘zgarayotganini ta’kidladi:
“Bugun dunyoda eng qimmat resurs — bilimni natijaga aylantira oladigan insondir. Xorijiy tillarni o‘rganish, raqamli texnologiyalar va kasbiy mahorat esa uning imkoniyatlarini kengaytiradi”.
Bu yondashuv TMKning oldidagi katta sanoat maqsadlari bilan ham bevosita bog‘liq. Kombinatda yangi ishlab chiqarish loyihalari, ilmiy-tadqiqot va texnologik yo‘nalishlar rivojlanar ekan, ularga yangicha fikrlaydigan, bilimli va tashabbuskor mutaxassislar zarur.
Shu sababli muloqot davomida yoshlarning faqat mavjud jarayonlarda ishtirok etishi emas, balki yangi yechimlarni taklif qilishi, ilmiy izlanish olib borishi, zamonaviy texnologiyalarni egallashi va kelajakda boshqaruv mas’uliyatini o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lishi muhimligi qayd etildi.
“Biz TMKda g‘oyalarni eshitishga, ularni sinab ko‘rishga va ishlab chiqarish natijasiga aylantirishga tayyormiz”, — dedi Boshqaruv raisi.
Aynan shu fikr uchrashuvning asosiy mazmunini ifodaladi: yosh xodim uchun tashabbus bildirish — imkoniyat, rahbariyat uchun esa uni eshitish va istiqbolli g‘oyaga yo‘l ochish — mas’uliyat.
Hamroz Bayonov, O‘zA