Deputat yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi
Yangiyer shahridagi 1-sonli texnikumda “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gavhar Olimova yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda yoshlarning muammo, taklif va tashabbuslari tinglanib, ularning yechimiga doir masalalar ko‘rib chiqildi.
Muloqotda dual ta’limning afzalliklari, kasb egallash bilan birga amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, ish beruvchilar talabiga mos kadrlar tayyorlash hamda yoshlarni munosib ish bilan ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda texnikumning 17 nafar yosh o‘quvchisi nemis tili bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lib, Germaniyada qonuniy mehnat faoliyatini boshlagan. Bu esa yoshlarga kasbiy ta’lim berish bilan bir qatorda xorijiy tillarni o‘rgatish va ularning xalqaro mehnat bozoriga chiqishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy samarasidir.
Texnikumda Migratsiya agentligi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda nemis tili o‘quv kurslari tashkil etilgan. Ushbu kurslar yoshlarning xorijiy til bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga, shuningdek, xorijda qonuniy mehnat faoliyatini boshlash uchun zarur tayyorgarlikdan o‘tishlariga xizmat qilmoqda.
Mazkur ta’lim muassasasida ayni paytda “Metallga qayta ishlov berish”, “Mebel dizayneri”, “Moda va tikuv ishlab chiqarish texnologiyasi” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari tayyorlanmoqda. Bu yo‘nalishlar mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni egallash uchun yoshlarga keng imkoniyat yaratmoqda.

Ta’lim jarayonini amaliyot bilan bog‘lash maqsadida texnikumning shahardagi “ECO VOD” mebel zavodi hamda “Elegant” yirik tikuvchilik fabrikasi bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan. Dual ta’lim shaklida tashkil etilgan ushbu tizim orqali talabalar nazariy bilimlarini korxonalardagi amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirib, tanlagan kasbi bo‘yicha tajriba orttirmoqda.

Ochiq muloqotda deputat Gavhar Olimova yoshlarning ta’lim olishi, kasb egallashi va kelajakda munosib ish o‘rniga ega bo‘lishi mamlakat taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq ekanini ta’kidladi. Shuningdek, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va ko‘tarilayotgan muammolarga amaliy yechim topish muhimligi qayd etildi.
— Bugungi uchrashuv biz, yoshlar uchun juda mazmunli o‘tdi. Texnikumimizda zamonaviy kasblarni egallash uchun yaratilgan imkoniyatlar, ayniqsa, dual ta’lim tizimi menga juda ma’qul keldi. O‘qish bilan birga ishlab, o‘z soham bo‘yicha amaliy tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘lyapmiz. Kelajakda olgan bilim va ko‘nikmalarim orqali yaxshi mutaxassis bo‘lib, yurtimiz taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shishni maqsad qilganman, — deydi texnikum talabasi Nigora Mo‘minova.

Uchrashuv yakunida yoshlarning taklif va mulohazalari tinglandi. Bildirilgan fikrlar asosida ularni zamonaviy kasblarga o‘qitish, amaliy ko‘nikmalarini oshirish, bandligini ta’minlash hamda tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga oid masalalar muhokama qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri