«Ishbilarmon ayol – 2026» tanlovining shahar bosqichi g‘olibi aniqlandi
Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan “Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi qizg‘in va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) Guliston shahar kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tanlovda 13 nafar ishtirokchi o‘z biznes loyihalari, qo‘l mehnati namunalari hamda tadbirkorlik faoliyatida erishayotgan yutuqlarini hakamlar hay’ati va yig‘ilganlar e’tiboriga havola etdi.
Tanlov jarayonida ishtirokchilarning har biri o‘z faoliyati, bosib o‘tgan yo‘li va kelgusi rejalari haqida so‘zlab, tadbirkorlik sohasidagi tajribasini namoyon qildi. Taqdim etilgan loyihalar, qo‘l mehnati bilan yaratilgan mahsulotlar hamda amaliy tashabbuslar ularning izlanuvchanligi, mehnati va yangi g‘oyalarga intilishini ko‘rsatdi.
Kimdir o‘z biznesini yanada rivojlantirish borasidagi rejalari bilan o‘rtoqlashgan bo‘lsa, yana kimdir mehnati orqali erishgan yutuqlarini namoyish etdi. Shu tariqa tanlov maydoni tajriba, tashabbus va yangi g‘oyalar almashinuvi maydoniga aylandi.

Natijalarga ko‘ra, Dilrabo Eminjonova birinchi o‘rinni egallab, “Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovining Guliston shahar bosqichi g‘olibi deb topildi. Shohista Bektemirova ikkinchi, Nilufar Turdiyeva esa uchinchi o‘rin sohibasi bo‘ldi.

Tadbir yakunida g‘oliblar va faol ishtirokchilar partiyaning diplomlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur ko‘rik-tanlov xotin-qizlarning tadbirkorlik sohasidagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslari va yangi g‘oyalarini rag‘batlantirishga xizmat qildi. G‘oliblarga tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etish huquqi berildi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri