Tinchlik mahallasida yangilanishlar ko‘lami kengaymoqda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi Tinchlik mahallasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari hudud qiyofasini yangilab, aholi uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Ayni paytda mahalladagi 1001 ta xonadonda qariyb 4 ming 800 nafar aholi istiqomat qiladi. Keyingi yillarda hududda 5 kilometr yo‘l asfaltlanib, elektr ta’minoti yaxshilandi. 2024-yilda «Obod mahalla» dasturi doirasida 135 ta eski simyog‘och beton ustunlarga almashtirildi, 1,5 kilometr ariq betonlandi.
– Mahallamizdagi yangilanishlar aholi turmushida ham o‘z aksini topmoqda. Obod ko‘chalar, zamonaviy infratuzilma, yoshlar uchun sport va dam olish maskanlari turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qilmoqda, - deydi mahalla raisi Mirzamahmud Ahmadjonov.
Joriy yilda Tinchlik mahallasi «Yangi O‘zbekiston qiyofasi» loyihasiga kiritilib, dastur doirasida 5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘ hisobiga Bo‘ston va Fidoyilar ko‘chalarida obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Elektr ta’minotidagi muammolar bartaraf etilib, quyosh panellari va zamonaviy ko‘cha chiroqlari o‘rnatiladi, yo‘llar ta’mirlanadi.
Mahalla binosi va o‘ndan ziyod xonadonga quyosh panellari o‘rnatilmoqda. Bu muqobil energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirmoqda.
Hududning iqtisodiy salohiyatini oshirishga qaratilgan loyihalar ham amalga oshirilmoqda. 45 gektar maydonda «Baqay» sanoat zonasi tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda beshta loyiha amalga oshirilgan.
Tadbirkorlik sub’ektlari faolligining ortishi aholi bandligi va daromadlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, tadbirkor Sodiqjon Xudoyberganov tashabbusi bilan asal mahsulotlari do‘koni tashkil etildi. Shuningdek, asalari mahsulotlaridan foydalangan holda sog‘lomlashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi 40 o‘rinli markaz ish boshladi.
Hududda fitnes markazi qurilishi ham boshlangan. 80 nafardan ziyod tadbirkor transport-logistika sohasida faoliyat yuritmoqda.
Mahallada amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan yana biri – Isfayram soyi hududida barpo etilayotgan ekoturizm majmuasidir. Qiymati 80 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida golf maydonlari, plyajlar, yangi hayvonot bog‘i va ekozona tashkil etish ko‘zda tutilgan. Qurilish ishlari boshlab yuborilgan.
[gallery-30933]
Mahallaning yangi binosi 2025-yil dekabr oyida foydalanishga topshirildi. Qiymati 3 milliard so‘m bo‘lgan mazkur inshoot davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkor Farhod Xolyigitov tashabbusi bilan barpo etilgan.
Mahalla markazi yaqinidagi kanal sohillarini obodonlashtirish ishlari ham rejalashtirilgan. «Tashabbusli byudjet» loyihasi doirasida 3,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, uning hisobiga kanalning ikki qirg‘og‘ida kutubxona, Wi-Fi zonalari, ko‘chma savdo shoxobchalari, yashil hududlar va sayr yo‘laklari tashkil etiladi. Shuningdek, 24/7 rejimida ishlaydigan zamonaviy turizm ko‘chasini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda mahalliy tadbirkorlar tashabbusi bilan mahalla guzari qurilishi ham davom etmoqda. Bu yerda tantanalar zali, milliy madaniy markaz, tikuvchilik sexi hamda turizm majmuasi tashkil etiladi.
Bugun Tinchlik mahallasida amalga oshirilayotgan loyihalar hudud infratuzilmasini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
O‘zA fotomuxbiri
Muqimjon QODIROV olgan (surat)