Bola sog‘lom tug‘ilsa — jamiyatning ertasi ishonchli bo‘ladi
Bir chaqaloqning dunyoga kelishi — bir oilaning emas, butun jamiyatning quvonchi. Ona salomatligi esa shu quvonchning mustahkam poydevoridir. Shu bois mamlakatimizda ona va bola salomatligini muhofaza qilish, homiladorlik va tug‘ruq jarayonida xavflarni barvaqt aniqlash, asoratlarning oldini olish hamda har bir ona va chaqaloqqa sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifalardan biriga aylangan.
Prezidentimiz tashabbusi va rahbarligi ostida sog‘liqni saqlash tizimida inson salomatligini asrash, ayniqsa, onalar va bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda nafaqat zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish, balki har bir xavfli holatni oldindan ko‘ra bilish, bemor taqdirini jamoaviy va mas’uliyatli yondashuv asosida hal etishga ham alohida ahamiyat berilmoqda. Ana shu ezgu maqsadning mantiqiy davomi sifatida Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash tizimida Akusherlik maslahat Kengashi tashkil etildi. Yangi tuzilmaning asosiy maqsadi — homilador, tug‘ruqdagi va tug‘ruqdan keyingi ayollarga ko‘rsatilayotgan akusherlik yordami sifatini yanada oshirish, yuqori xavf guruhiga kiruvchi homiladorlarni barvaqt aniqlash va ularni o‘z vaqtida nazoratga olishdan iborat.
Zero, akusherlikda vaqtning har bir daqiqasi muhim. Ayrim holatlarda o‘z vaqtida qabul qilingan bitta to‘g‘ri qaror ona va bolaning hayotini saqlab qolishi mumkin. Shu nuqtai nazardan Kengash faoliyatining eng muhim jihati — murakkab holat yuzaga kelgandan so‘ng harakat qilish emas, balki xavfni oldindan aniqlash va uning oldini olishga qaratilganidadir.
Kengash majlislarida yuqori xavfli va murakkab homiladorlik, tug‘ruq bilan bog‘liq og‘ir holatlar atroflicha ko‘rib chiqiladi. Akusherlik qon ketishi, preeklampsiya va eklampsiya, akusherlik sepsisi, homila distressi kabi hayot uchun xavfli holatlarda bemorga tibbiy yordam ko‘rsatishning eng maqbul taktikasi belgilanadi. Zarur hollarda esa bemorni yuqori darajadagi ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasaga yo‘llash masalasi ham tezkor tarzda hal etiladi.
Kengashga Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi Muxsin Rajabov raislik qiladi. Kengash tarkibiga viloyat tibbiyot muassasalarining tajribali va yuqori malakali shifokorlari, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Buxoro viloyati filiali rahbari, Buxoro shahar tug‘ruq kompleksi bosh shifokori hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining professor ilmiy unvoniga ega akusher-ginekolog mutaxassisi kiritilgan. Eng muhimi, murakkab klinik holatlarda masala faqat bir mutaxassis doirasida qolib ketmaydi. Zarur hollarda anesteziolog-reanimatolog, neonatolog, terapevt, kardiolog va boshqa tor soha mutaxassislari ham Kengash ishiga jalb etiladi. Bu esa har bir holatni turli jihatdan baholash, xavf omillarini to‘liq aniqlash va bemor uchun eng maqbul tibbiy taktikani belgilash imkonini beradi.
Kengash majlislari zaruratga ko‘ra, ayniqsa murakkab va yuqori xavfli holatlar aniqlanganda o‘tkaziladi. Shoshilinch vaziyatlarda esa Kengash zudlik bilan chaqirilishi mumkin. Muhokama yakunida bemorni olib borish bo‘yicha aniq tibbiy taktika belgilanib, qabul qilingan qarorlar rasmiylashtiriladi. Bu esa murakkab vaziyatlarda vaqtni boy bermaslik, shifokorlar harakatini bir maqsadga yo‘naltirish va tibbiy yordamda izchillikni ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.
Kengash faqat joriy holatlarni ko‘rib chiqish bilan cheklanib qolmaydi. Unda og‘ir akusherlik asoratlari, ona va perinatal o‘lim holatlari, shoshilinch kesar kesish operatsiyalari, akusherlik qon ketishlari, gipertenziv asoratlar va akusherlik sepsisi kabi kritik holatlar ham muntazam tahlil qilib boriladi. Ushbu tahlillarning maqsadi aybdor izlash emas. Asosiy vazifa — xatoning sababini aniqlash, kamchilikni bartaraf etish va kelgusida uning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik. Shu asosda tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash, mutaxassislar malakasini oshirish va akusherlik amaliyotida yagona yondashuvni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Akusherlik maslahat Kengashining tashkil etilishi Buxoro viloyatida ona va bola salomatligini muhofaza qilish tizimida muhim yangi bosqichni boshlab bermoqda. Endilikda yuqori xavfli homiladorliklarni barvaqt aniqlash, murakkab holatlarni mutaxassislar ishtirokida chuqur muhokama qilish, zarur tibbiy yordamni o‘z vaqtida tashkil etish va har bir qarorni aniq mezonlar asosida qabul qilish uchun yanada mustahkam mexanizm shakllanmoqda. Bu tashabbusning zamirida esa juda oddiy, ammo nihoyatda ulug‘ maqsad bor: ona sog‘-salomat bo‘lsa — oila baxtli, bola sog‘lom tug‘ilsa — jamiyatning ertangi kuni ishonchli bo‘ladi.
Prezidentimiz tomonidan inson qadri, uning hayoti va salomatligini eng oliy qadriyat sifatida belgilab berilgan siyosat Buxoroda ham ana shunday aniq va amaliy ishlar bilan namoyon bo‘lmoqda.
Akusherlik maslahat Kengashi — bu shunchaki yangi tuzilma emas. Bu bir qaror ortida ona taqdiri, bir tashxis ortida chaqaloq hayoti, bir daqiqa ortida esa butun bir oilaning kelajagi turganini chuqur anglagan mas’uliyatli tibbiy yondashuvdir. Zero, tibbiyotning eng katta yutug‘i faqat kasallikni davolash emas, balki bir ona va bir bolaning hayotini asrab qolish, ularga sog‘lom va baxtli kelajak eshigini ochib berishdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri