Kitobxonlik tanlovi g‘oliblari Turkiyaga sayohatga boradi
Andijon tumani hokimi Boburjon Yuldashevning tashabbusi bilan “Bo‘lajak kitobxon” loyihasi doirasida o‘tkazilgan kitobxonlik tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar, xususan, o‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularning kitobxonlik, mutolaa madaniyatini yuksaltirish hamda oilada kitobxonlik muhitini shakllantirishga qaratilgan “Bo‘lajak kitobxon” loyihasi tumandagi 2 ming 600 nafardan ziyod o‘quvchi yoshlarni qamrab oldi.
Loyihaning yana bir muhim jihati shundaki, mutolaa jarayoni nafaqat yoshlar, balki ularning ota-onalarini ham birlashtirdi. Oila a’zolari birgalikda kitob o‘qib, asarlar mazmuni yuzasidan fikr-mulohaza va taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.


– Kitob inson tafakkurini charxlovchi eng noyob vositadir, – deydi Andijon tumani hokimi Boburjon Yuldashev. – Kitob hamma davrlarda insonlarga yaqin do‘st, hamroh va dono maslahatchi bo‘lib kelgan. Yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan mazkur tanlovda o‘quvchilarning faol ishtirok etganligini alohida e’tirof etish joiz.
Loyiha nizomiga ko‘ra, yoshlar onlayn ro‘yxatdan o‘tib, taqdim etilgan kitoblarni belgilangan muddatda mutolaa qiladi. Belgilangan muddatdan so‘ng tashkil etilgan tanlovlarda mutolaa qilingan kitoblar asosida tuzilgan savollar bo‘yicha olgan bilimlarini sinovdan o‘tkazib bordi. Qariyb uch oydan buyon davom etayotgan loyiha doirasida besh marotaba kitobxonlik bahslar o‘tkazilib, har bir bahs g‘oliblari munosib rag‘batlantirildi.
Loyiha doirasidagi tanlovning final bosqichida ishtirok etgan bir ming nafarga yaqin zukko kitobxon Oybekning «Navoiy», Odil Yoqubovning “Ko‘hna dunyo” asarlari asosida tuzilgan savol-javoblar bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.


Yakuniy natijalarga ko‘ra, tumandagi 4-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Mehrinozbegim Muhammadjonov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tanlovda 32-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muborakxon G‘offoraliyeva ikkinchi, 2-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Farangiz Qo‘ldasheva uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
G‘olib va sovrindorlarga maxsus diplom, Turkiyaga sayohatga borish yo‘llanmasini beruvchi vaucher tantanali ravishda topshirildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘za muxbiri