Tilshunoslikka bag‘ishlandi
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda “Ilmiy munozara: tilshunoslikda muammo, yechim va yutuqlar” mavzuida anjuman bo‘lib o‘tdi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda “Ilmiy munozara: tilshunoslikda muammo, yechim va yutuqlar” mavzuida anjuman bo‘lib o‘tdi.Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, talabalar, Germaniyaning Gyote instituti, Fransiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi, Fransua Rable universiteti mutaxassislari ishtirok etdi.
Universitet prorektori F.A’zamov, adabiyotshunos olim I.G‘afurov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ona tilimizni ilmiy asosda rivojlantirish, uning o‘ziga xos xususiyatlariga bag‘ishlangan adabiyotlar, lug‘atlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 13-maydagi “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘taradi.
Mamlakatimizda xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Professor-o‘qituvchilarimiz xorijdagi oliy ta’lim muassasalariga malaka oshirish, talabalar ilm olish uchun yuborilmoqda. Bu hamkorlik o‘zbek tilini dunyoga tanitish va xorijiy tillarni puxta egallashda muhim asos bo‘layotir.
Anjumanda tilshunoslikning nazariy masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Xorijiy tillarga oid pedagogik yangiliklar, o‘qitish sifatini oshirish, bilimli, salohiyatli tilshunos kadrlarni voyaga yetkazish borasida fikrlashildi.
– Mamlakatimiz ta’lim maskanlarida chet tilini o‘qitish sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotir, – deydi universitetning fransuz filologiyasi kafedrasi mudiri Rahima Shirinova. – Ushbu konferensiyada hayotga tatbiq etilayotgan loyihalarning ahamiyati, erishilayotgan natijalar muhokama etilib, kelgusidagi rejalar belgilandi.