Tilanchilarni kamaytirish uchun nima qilish kerak?
Ijtimoiy tarmoqlarda tilanchilar bilan bog‘liq noxush voqealar haqida ko‘p gapirilmoqda. Aslida vaziyat qanday? Qonunchilikda tilanchilar uchun qanday jazolar belgilangan? Ularni kamaytirish uchun nima qilish kerak?
Shu kabi savollar bilan Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonovaga murojaat qildik:
– Keyingi paytda yurtimizda, xususan, Toshkent va viloyat markazlarida tilanchilar soni sezilarli darajada kamaydi. 7-10 yil avval ko‘chalarda ularni ko‘proq uchratish mumkin edi, bugungi kunda esa ularning soni taxminan 3 barobarga kamaydi.

Shunga qaramay, odamlar orasida ular ko‘pdek ko‘rinishi mavsumiy omillar bilan ham bog‘liq: iliq mavsumda tilanchilar bozorlar, parklar, vokzallar va savdo markazlari kabi gavjum joylarda ko‘proq paydo bo‘ladi.
Aytib o‘tish kerakki, ijtimoiy tarmoqlarda tilanchi bolalar va turistlar o‘rtasida yuzaga kelgan holat haqida video tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida bu Samarqand viloyatida emas, balki Toshkent shahridagi “Hazrati Imom” majmuasi hududida sodir etilgani, videodagi Samarqand shahridagi tarixiy obidalarga oid tasvirlar montaj yordamida qo‘shilgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat 2023-yilda sodir etilgan bo‘lib, videodagi voyaga yetmagan qizning shaxsiga oydinlik kiritildi. Uning otasi 1979-yilda tug‘ilgan Z.M. bilan kelgusida bu kabi holatlar takrorlanmasligi maqsadida farzandini nazoratga olishi bo‘yicha profilaktik-tushuntirish ishlari olib borildi.
Tahlillarga ko‘ra, tilanchilik bilan shug‘ullanuvchilarning aksariyati og‘ir ijtimoiy sharoitga tushib qolgan shaxslar yoki ko‘chib yuruvchi (yarim ko‘chmanchi) guruhlarga mansub bo‘lib, ular ko‘pincha qo‘shni davlatlar o‘rtasida harakatlanadi.
2017-2018-yillardan boshlab bu muammoga qarshi tizimli kurash boshlandi. 2019-yilda esa tilanchilik uchun javobgarlikni belgilaydigan qonun qabul qilindi. Unda faqat jazolash emas, balki profilaktika va ijtimoiy yordamga ham urg‘u berildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-3 - moddasiga ko‘ra, tilanchilik – jamoat joylarida (aeroport, vokzal, bozor, park, savdo markazlari, madaniy meros ob’ektlari, yo‘l va boshqa gavjum hududlarda) pul, oziq-ovqat yoki boshqa moddiy boyliklarni faol tarzda so‘rash hisoblanadi.
Buning uchun BHMning 1 dan 3 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi berilishi mumkin.
Alohida holatda – voyaga yetmaganlar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ruhiy holati og‘ir fuqarolarni jalb qilganlik uchun: BHMning 5 dan 10 baravarigacha jarima, yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq qo‘llaniladi.
Agar huquqbuzarlik takrorlansa, Jinoyat kodeksining 127-1-moddasi bo‘yicha javobgarlik kelib chiqadi: majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Ushbu holatlar guruh bo‘lib, zo‘ravonlik ishlatib yoki takroriy tarzda sodir etilsa, jazo 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha yetishi mumkin.
Ichki ishlar organlari xodimlarining asosiy maqsadi – jazolash emas, balki insonni ijtimoiy hayotga qaytarish. Buning uchun hujjatlarni tiklash, ish bilan ta’minlash, tibbiy yordam ko‘rsatish, ta’limga jalb qilish, uy-joy va ijtimoiy moslashuvni hal etish ishlari olib boriladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning dastlabki 4 oyida 10 mingdan ortiq shaxs ichki ishlar idoralariga gumon asosida olib kelingan, 364 ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shundan 272 nafar kishiga jarima qo‘llanilgan, 46 nafar kishi ma’muriy qamoqqa olingan, 39 nafari ogohlantirilgan, 7 holatda shaxs 16 yoshga yetmaganlik sababli ish tugatilgan.
Xulosa o‘rnida aytib o‘tish joizki, tilanchilikning kamayishi – faqat qonunchilik kuchayishi emas, balki profilaktika tizimining kuchayishiga bog‘liq. Biroq muammo hanuz murakkab bo‘lib qolmoqda, chunki uning ortida yetishmovchilik, hujjatsizlik, oilaviy muammolar yoki ekspluatatsiya kabi sabablar yotadi.
Shu sababli, samarali kurash faqat nazorat va jazo bilan emas, balki uzoq muddatli ijtimoiy siyosat orqali amalga oshiriladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA